Kimyo sanoati va ta’lim hamkorligi yangi bosqichda
Bugun “O‘zkimyosanoat” AJ boshqaruvi raisi Odil Temirov “Yangi O‘zbekiston” universitetiga tashrif buyurib, oliy ta’lim muassasasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqot davomida ta’lim dargohi faoliyati va dunyoning yetakchi universitetlari bilan hamkorlik aloqalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, Germaniyaning Technical University of Munich, Buyuk Britaniyaning Cranfield University, Gonkong va Pekin universitetlari bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma ta’lim dasturlari yuqori malakali kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

-Biz oliy ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlikni davom ettirib, mamlakatda kimyo sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga va innovatsion loyihalarni rivojlantirishga e’tibor qaratmoqdamiz. Bu hamkorlik nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyodagi ta’lim va sanoat integratsiyasi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, mamlakatda ilm va sanoat uyg‘unligini ta’minlaydi va innovatsion rivojlanishda muhim turtki bo‘ladi, -dedi O.Temirov.

Ta’kidlash kerakki, "O‘zkimyosanoat” AJ va “Yangi O‘zbekiston” universiteti o‘rtasida kimyo sohasida kadrlar tayyorlash va ilm-fanni rivojlantirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” imzolangan. Uchrashuvda ushbu hujjatda belgilangan vazifalar ijrosi ham alohida ko‘rib chiqildi. Shuningdek, oliygohning xorijiy professor-o‘qituvchilari tomonidan ishlab chiqarish korxonalari uchun ekologik toza yechimlar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Tashrif davomida universitet huzurida tashkil etilgan sun’iy intellekt klasterlari, materialshunoslik, lazer va nanotexnologiya laboratoriyalari faoliyati bilan yaqindan tanishildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA