O‘zbekiston –Germaniya: Yuristlar malakasi oshirilmoqda
Shu kunlarda Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti professori v.b.Xayriddin Fayziyev boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Germaniya Federativ Respublikasining Lyudvigsburg shahridagi Ommaviy boshqaruv va moliya oliy maktabida o‘quv-metodik va ilmiy stajirovka o‘tamoqda.
Stajirovkaning dastlabki kunlarida Oliy maktab professori Gerald Zander bilan uchrashuv o‘tkazilib, stajirovkaning maqsad va vazifalari, tayyorlanayotgan “Tibbiyot va salomatlik huquqi” darsligini takomillashtirish hamda zamonaviy ta’lim metodlarini o‘quv jarayoniga joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, “Arxiv ishi” yo‘nalishi magistratura talabalari uchun tashkil etilgan mashg‘ulotlarda ishtirok etilib, O‘zbekiston tajribasi yuzasidan fikr almashildi hamda dars jarayonida qo‘llanilayotgan ilg‘or pedagogik texnologiyalar o‘rganildi.

Stajirovka doirasida delegatsiya a’zolari Davlat arxiviga tashrif buyurib, arxiv ishini tashkil etish, raqamlashtirish jarayonlari va zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash amaliyoti bilan yaqindan tanishdi. Davlat arxivi rahbari Piter Rukert bilan uchrashuv davomida arxiv sohasi bo‘yicha ilmiy hamkorlik istiqbollari ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, Lyudvigsburg shahridagi Oliy maktab kutubxonasida ilmiy-amaliy adabiyotlar va axborot-resurslar o‘rganilib, ilmiy tadqiqotlar uchun zarur materiallar jamlandi.
G.Boboyeva,
O‘zA