Og‘ufurushlar qo‘lga olindi
Giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoyat guruhi fosh etildi. Toshkent viloyati huquq-tartibot idoralari o‘tkazgan tezkor navbatdagi tadbir natijasida og‘ufurushlar daliliy ashyo bilan ushlandi.
Joriy yilning 21-may kuni Toshkent viloyati huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unga ko‘ra, Yuqori Chirchiq tumani hududidan o‘tgan “Farg‘ona-Toshkent” yo‘lida harakatlangan “Spark” rusumli avtotransport vositasi tekshirilganida 160 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi. U tegishli tartibda hujjatlashtirildi. Ma’lum bo‘lishicha, haydovchi asli namanganlik N.M. va jinoiy sherigi Andijon shahrida yashovchi B.A. Farg‘ona viloyatidagi jinoiy sheriklari bilan tizimli ravishda Toshkent viloyati va poytaxt hududida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanib kelgan.
Hozir viloyat IIBB tomonidan ularga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Mazkur holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
A. Musayev, O‘zA