“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi keng jamoatchilik muhokamasida (+video)
Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyani ko‘rib chiqish taklifini bildirgan edi. Bu jarayonda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar, yuz bergan o‘zgarishlarni e’tiborga olish kerakligi ta’kidlangan. Yangi tahrirdagi “O‘zbekiston-2030” strategiyasi e’lon qilinib, xalq muhokamasiga qo‘yildi. Yaqin 5 yilda rivojlanish maqsadlarini belgilab beruvchi ushbu hujjat davlat organlari va tashkilotlarda ham ko‘rib chiqilmoqda.
Jumladan, qishloq xo‘jaligida salmoqli marralar belgilangan bo‘lib, “O‘zbekiston 2030” strategiyasining yangi tahririda agrar sohaga oid o‘zgarishlar ham nazarda tutilgan. O‘simliklar karantini va himoyasi agentligida o‘tkazilgan muhokamada qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti hajmini oshirish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni yetishtirish, ko‘chatlarni sertifikatsiyadan o‘tkazish kabi bandlar ko‘rib chiqildi.
- “O‘zbekiston-2030” strategiyasi muhokamasidagi 54-maqsad, ya’ni qishloq xo‘jaligida hosildorlik va rentabellik darajasini keskin oshirish maqsadida xodimlar tomonidan tegishli takliflar bildirildi, - deydi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi direktori maslahatchisi Bunyod Nasimov. - Ya’ni, 620 ming gektar maydonlarni qayta foydalanishga kiritish, umumiy ekinlar maydoni tarkibida ozuqa maydonini 15 % yetkazish. Agrar sohadagi ta’lim tizimini xalqaro standartlarga moslashtirish, 14 ta ta’lim yo‘nalishini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, intensiv usulda sabzavotlar yetishtirish maydonlarini 35% yetkazish kabi takliflar kiritilmoqda.
2026–2030 yillar uchun mo‘ljallangan Strategiyani ko‘rib chiqishda 350 dan ortiq davlat organlari va ilmiy markazlar ishtirok etishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, natijada 450 dan ziyod maqsad ko‘rsatkichlari yangidan baholandi, ya’ni rivojlanish maqsadlarining indikatorlari ishlab chiqildi.
Muhokamalar davomida bildirilgan fikr va takliflar umumlashtirilgan holda O‘zbekiston startegiyasi portaliga joylashtiriladi. Davlat hayotiga daxldorlik ana shunday muhim jarayonlarda faol fuqarolik pozitsiyasini ifoda etish orqali namoyon bo‘ladi. Bugun bildirilgan fikr va takliflar o‘zgarayotgan O‘zbekistonning kelgusi 5 yildagi taraqqiyot dasturidan o‘rin egallaydi. Demak, kelgusi besh yillik taraqqiyot yo‘li nafaqat davlat, balki jamiyat bilan hamkorlikda, ochiqlik va teng huquqlilik prinsiplari asosida belgilab olinmoqda. Mazkur muhokamalar 30 yanvarga qadar davom etadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/II0jvFwaCuo?si=3Pk8YMnvm3B3EsIm" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA