“O‘zatom”: quruq sovitish texnologiyalari bo‘yicha hamkorlik kengaymoqda
“O‘zatom” agentligida Vengriyaning “MVM EGI Zrt.” davlat kompaniyasi delegatsiyasi bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda atom elektr stansiyasi uchun quruq sovitish tizimlarini joriy etish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish hamda ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar davomida tomonlar quruq sovitish texnologiyalari asosida ob’ektni loyihalashtirish, shuningdek, butlovchi qismlarni O‘zbekiston hududida ishlab chiqarish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Ta’kidlanganidek, bu mahalliy sanoat salohiyatini oshirish va milliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi. O‘z navbatida, atom elektr stansiyasi maydonchasida quruq sovitish tizimlarini joriy etish bo‘yicha shartnoma muzokaralarini yakuniy bosqichga olib chiqish hamda erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvda mazkur texnologiyalar mamlakatda suv resurslarini tejash konsepsiyasiga to‘liq mos kelishi, shu bilan birga O‘zbekistonning iqlim va ekologik sharoitlariga mos zamonaviy texnologik yechimlarni qo‘llash imkonini berishi qayd etildi.

Mehmon tomon “O‘zatom” agentligi bilan shakllangan ochiq va samarali muloqotni yuqori baholab, O‘zbekiston atom energetikasini barqaror rivojlantirishga qaratilgan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.
Agentlik axborot xizmatiga ko‘ra, “O‘zatom” agentligi va “MVM EGI Zrt.” kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik o‘zaro anglashuv memorandumi asosida amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, quruq sovitish texnologiyalarini joriy etish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash hamda O‘zbekistonning iqlim sharoitiga mos zamonaviy texnologiyalarni katta va kichik quvvatli atom elektr stansiyalari uchun qo‘llash nazarda tutilgan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA