Og‘ir atletika bo‘yicha bahslarda navoiyliklar peshqadam
Chirchiq shahridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining og‘ir atletika zalida O‘zbekiston chempionati bahslari qizg‘in davom etmoqda.
Ortda qolgan ikkinchi kungi bahslar sarhisobiga ko‘ra, Navoiy viloyati jamoasi 3 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza medali bilan yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, keyingi o‘rinlardan joy olgan Namangan, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlari va poytaxt jamoalari hisobida 2 tadan oltin medallar mavjud.

Kecha mamlakat chempionati va uning doirasida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston hamda Turkiya vakillari ishtirokida o‘tadigan “Uzbekistan Open” ochiq xalqaro turnirining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda ishtirok etgan sport vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Sh.Mahmudov, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori R. Matkarimov hamda keng jamoatchilik vakillari yurtimizda og‘ir atletika sport turi jadal rivojlanayotgani erishilayotgan natijalarda o‘z aksini topayotganini ta’kidladi.
Bugun, 26-mart kuni chempionatning uchinchi kungi musobaqalarida ayollar -61 kilogrammda, erkaklar -75, -85 va -95 kilogrammda bahs olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, 31-martga qadar davom etadigan chempionatda mamlakatimizning 300 nafarga yaqin sportchilari qatnashmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA