Boltiqbo‘yi mamlakatlarida o‘zbek sporti kurashni ommalashtirish masalasi tahlil qilindi
Riga shahrida Litva kurash federatsiyasi prezidenti Aleksandr Pavlov va federatsiya vitse-prezidenti Vladimirac Mataytisning O‘zbekiston Respublikasining Latviyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Timur Rahmonov hamda O‘zbekistonning Latviyadagi faxriy konsuli Vladimir Galperin o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvda Boltiqbo‘yi mamlakatlarida milliy sportimiz kurashni keng ommalashtirish va xalqaro musobaqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Do‘stona o‘tgan muloqot jarayonida Litva va Boltiqbo‘yi davlatlarida kurashni tizimli rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, sport infratuzilmasini bosqichma-bosqich takomillashtirish hamda ushbu qadimiy sport turining xalqaro nufuzini oshirish masalalari tahlil qilindi.

Litvada kurash sportining strategik rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, yaqin istiqbolda mamlakatda milliy chempionatlar va xalqaro musobaqalarni tizimli tashkil etish, shuningdek, keng ommalashtirish orqali yoshlarni ushbu sport turiga jalb etish masalalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 20-dekabrdagi “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ustuvor vazifa etib belgilanganligi aytib o‘tildi.
Uchrashuvda xorijiy davlatlarda kurash maktablarini tashkil etishga doir takliflar ilgari surildi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA