“O‘zbegim o‘g‘lonlari” g‘olib
Yoshlarimizning bilim olishga, xalq koriga kamarbasta bo‘lishga ishtiyoqi kuchayib bormoqda. Ular orasida yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlashdek sharafli burchni kasb sifatida tanlayotganlar ko‘pchilikni tashkil etayotgani quvonarlidir.
Yoshlarimizning bilim olishga, xalq koriga kamarbasta bo‘lishga ishtiyoqi kuchayib bormoqda. Ular orasida yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlashdek sharafli burchni kasb sifatida tanlayotganlar ko‘pchilikni tashkil etayotgani quvonarlidir.Mamlakatimiz oliy harbiy ta’lim muassasalarida ana shunday yigit-qizlar tahsil olmoqda. Ularning salohiyatini yanada yuksaltirish, siyosiy-huquqiy bilimlarini mustahkamlash maqsadida “Tafakkur sinovlari” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.
Poytaxtimizda mazkur tanlovning O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tizimidagi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Ichki ishlar vazirligi akademiyasining “Huqushunos”, Yong‘in xavfsizligi oliy texnik maktabining “Vatanparvar”, Toshkent oliy harbiy-texnik bilim yurtining “O‘zbegim o‘g‘lonlari” jamoalari o‘zaro kuch sinashdi.
Toshkent oliy harbiy-texnik bilim yurti boshlig‘i H.Mamatov va boshqalar vazirlik tizimidagi oliy o‘quv dargohlarida ta’lim jarayoni zamonaviy davlat ta’lim standartlari, axborot va ilg‘or pedagogik texnologiyalarni qo‘llagan holda, namunaviy o‘quv rejalari asosida olib borilayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2004-yil 19-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlarining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bunda muhim omil bo‘lib, mazkur hujjat asosida ichki ishlar idoralari uchun kadrlar tayyorlash tizimi tubdan isloh qilindi.
Barcha o‘quv dargohlarida ta’lim jarayoni amaliyot bilan uyg‘un holda, tegishli xizmatlar bilan yaqin hamkorlik asosida yo‘lga qo‘yilgan. Kursantlarning jismoniy tayyorgarligini yuqori darajada ta’minlash uchun sport seksiyalari muntazam faoliyat ko‘rsatmoqda. Tinglovchilar o‘quv jarayonida nafaqat nazariy, balki amaliy ko‘nikmaga ham ega bo‘lib, mard, jasur, o‘z kasbining fidoyilari bo‘lib yetishmoqda.
Tanlovda kursantlar egallagan bilim va ko‘nikmalari, mamlakatimizdagi o‘zgarish va yangilanishlar, barcha sohalarda erishilayotgan yutuq va marralardan yaxshi xabardorligini, iqtidor, tafakkur va san’atda ham o‘ziga xosliklarini namoyon etdi. Barcha shartlarni a’lo darajada ado etgan Toshkent oliy harbiy-texnik bilim yurtining “O‘zbegim o‘g‘lonlari” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma oldi.