Namanganda zamonaviy Kurash markazi foydalanishga topshirildi
FOTOREPORTAJ
Namangan shahrida milliy sport turi — kurashni rivojlantirish yo‘lida muhim voqea yuz berdi. “Barkamol avlod” sport majmuasi hududida zamonaviy Kurash markazi foydalanishga topshirildi.
Yangi inshoot barcha zamonaviy talablarga javob beradi. Unda sportchilar uchun qulay sharoitlar yaratilgan bo‘lib, mashg‘ulot zallari barpo etildi, mavjud binolar kapital ta’mirlandi va muhandislik tarmoqlari yangilandi.
Markaz bir vaqtning o‘zida qariyb 100 nafar sportchini qamrab olish imkoniga ega. Ayni paytda viloyatda 3 ming nafardan ortiq o‘g‘il-qiz kurash bilan muntazam shug‘ullanmoqda.
Qayd etilishicha, yangi markaz nafaqat mashg‘ulotlar o‘tkazish, balki yirik musobaqalarga mezbonlik qilish imkoniyatiga ham ega.
Shu munosabat bilan “Barkamol avlod” sport majmuasida milliy kurash va erkin kurash bo‘yicha kattalar va yoshlar o‘rtasida “Prokuror kubogi” musobaqasi o‘tkazildi.
Musobaqada 150 nafardan ziyod oliy ta’lim muassasalari sportchilari ishtirok etib, milliy kurash bo‘yicha 5 ta, erkin kurash bo‘yicha esa 6 ta vazn toifasida bellashdi. Bahslar davomida ishtirokchilar o‘z mahorati, kuchi va chaqqonligini namoyon etdi. Ayniqsa, final uchrashuvlari yuqori raqobat va keskin kurashlarga boy bo‘ldi.
[gallery-28543]
Mazkur musobaqa sportchilar o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirish, milliy va erkin kurash turlarini keng targ‘ib etish hamda yoshlar orasida sportga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qildi.
Marosimda viloyat prokurori Umirbek Madrahimov, shahar hokimi Ayubxon Kamolov hamda mutasaddi rahbarlar ishtirok etib, sportni rivojlantirish va yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishning ahamiyatini ta’kidladi.
Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA