Murojaatlarga e’tiborli bo‘lish – ustuvor vazifa
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar markazida inson manfaatlari, aholi turmush darajasini yaxshilash va davlat idoralarining xalq oldidagi mas’uliyatini oshirish masalasi turibdi. Bu jarayonda fuqarolar murojaatlarini tinglash, ularni o‘rganish va muammolarga o‘z vaqtida yechim topish davlat boshqaruvining muhim tamoyiliga aylandi.
Ayniqsa, kommunal xizmatlar sifati aholi kundalik hayoti bilan bevosita bog‘liq bo‘lgani bois mazkur sohada ochiqlik va jamoatchilik bilan muloqot alohida ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Tohir Haydarov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda sohada amalga oshirilayotgan ishlar, aholi murojaatlari bilan ishlash holati va istiqboldagi vazifalar haqida ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning o‘tgan davrida Prezident Xalq qabulxonalari hamda jamiyatning hududiy korxonalariga jami 6 ming 421 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 98 foizi belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilgan. E’tiborli jihati shundaki, murojaatlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16 foizga kamaygan. Bu aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va muammolarni hal etish samaradorligi oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Brifingda qayd etilganidek, aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida yil boshidan buyon qariyb 900 kilometr ichimlik suvi hamda 180 kilometr oqova suv tarmoqlari yotqizildi. Shuningdek, ayrim mahallalarda grafik asosida yetkazib berilayotgan ichimlik suvi ta’minotini bosqichma-bosqich 24 soatlik rejimga o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbarining tegishli qarorlari asosida respublika bo‘ylab umumiy foydalanishdagi suv tarmoqlaridan aholi xonadonlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanish ishlari ham davom ettirilmoqda. Bu esa minglab oilalarning hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Sohada raqamlashtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, hisobot davrida Toshkent shahrida 100 mingdan ortiq “aqlli” suv hisoblagichlari o‘rnatildi. Bu hisob-kitoblar shaffofligini ta’minlash, iste’molchilar uchun qulaylik yaratish va xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Yoz oylarida suv ta’minoti tizimiga tushadigan yuklama ortishini inobatga olgan holda, mavsumga tayyorgarlik ishlari ham izchil tashkil etilgan. Jumladan, 9 ming 216 kilometr ichimlik suvi tarmoqlarida joriy ta’mirlash ishlari bajarildi, 1 ming 615 ta nasos mukammal ta’mirdan chiqarildi.
Aholi bilan bevosita muloqotni kuchaytirish maqsadida yil boshidan buyon 614 ta sayyor qabul o‘tkazildi. Ularda ko‘tarilgan masalalarning qariyb 70 foizi joyida hal etilgan bo‘lsa, qolgan murojaatlar bo‘yicha tegishli choralar belgilanib, ijro nazoratiga olingan.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushayotgan murojaatlar doimiy monitoring qilinib, zarur hollarda mutaxassislar joylarga chiqqan holda muammolarni o‘rganmoqda. Hisobot davrida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan 505 ta tanqidiy-tahliliy materialning har biri yuzasidan asosli munosabat va rasmiy izohlar berilgani ham ochiqlik tamoyillariga amal qilinayotganidan dalolat beradi.
Brifingda ta’kidlanganidek, aholi bilan ochiq muloqot qilish, murojaatlarga tezkor munosabat bildirish va tizimli muammolarni bartaraf etish davlat organlariga nisbatan jamoatchilik ishonchini mustahkamlashning muhim omili hisoblanadi. “O‘zsuvta’minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ham aholini sifatli ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlash, har bir murojaatga mas’uliyat bilan yondashish bundan buyon ham faoliyatning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Nilufar Bozorova, O‘zA