Bog‘chalardagi o‘rta maxsus ma’lumotli pedagoglar dual ta’lim asosida o‘qitiladi
Ta’lim sifatini kuchaytirishning eng asosiy yechimi pedagoglarning malakasini oshirishdir. Ayniqsa, buni maktabgacha ta’lim bosqichidan amalga oshirish ayni muddao.
Xuddi shu maqsadda, “Maktabgacha ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro tajriba asosida bakalavrlar tayyorlash tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
2026-yil 24-iyunda qabul qilingan qarorga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan:
Davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar uchun haftada 1 kun pedagogika oliy ta’lim tashkilotida, 5 kun maktabgacha ta’lim tashkilotida to‘lov-shartnoma asosida mazkur yo‘nalishda bakalavriat bosqichida dual ta’lim shaklida o‘qish joriy etiladi.
Bunda o‘qishga maktabgacha ta’lim tashkilotlarida kamida 3 yil davomida faoliyat yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar test sinovlari asosida qabul qilinadi.
Dual ta’lim shaklida maktabgacha ta’lim bakalavriat ta’lim yo‘nalishida pedagogika oliy ta’lim tashkilotlariga faqat tegishli hududdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan pedagoglar qabul qilinadi.
Shuningdek, 2028/2029 o‘quv yilidan O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining, 2029/2030 o‘quv yilidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarining xalqaro ta’lim dasturlari joriy etilgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining bitiruvchi kurs talabalariga yakuniy davlat attestatsiyasi bilan birga o‘z xohishiga ko‘ra kasbiy sertifikatlash sinovlarida bepul ishtirok etish imkoniyati beriladi.
Sherbek Islomov, O‘zA