Minglab yoshlarni birlashtirgan New Uzbekistan Business Case Competition tanlovining final bosqichi o‘tkazildi
Biznesda mo‘ljalni to‘g‘ri olish, oqilona va asoslangan qarorlar qabul qilish muvaffaqiyat omili sanaladi. “Yangi O‘zbekiston” universitetida tashkil etilgan New Uzbekistan Business Case Competition tanlovi ana shunday katta maqsadlarni ko‘zlashi bilan ahamiyatlidir.
Ushbu oliy o‘quv dargohida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan yoshlarning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni zamonaviy tadbirkorlik va innovatsion faoliyatga jalb etishga qaratilgan strategik siyosat doirasida New Uzbekistan Business Case Competition tanlovining final bosqichi yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tanlov 2026-yil 14-fevraldan boshlab tashkil etilib, qisqa vaqt ichida xalqaro miqyosdagi yirik platformaga aylanadi. Tanlov doirasida 6 ta davlatdan 230 dan ortiq jamoa, ya’ni 1000 nafardan ortiq iqtidorli yosh ro‘yxatdan o‘tib, o‘z bilim va salohiyatini sinovdan o‘tkazdi.
[gallery-28708]
Ishtirokchilar tarkibi O‘zbekiston bilan bir qatorda xalqaro hamjamiyat vakillarini ham qamrab olib, tanlovning global ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi.
Tanlov davomida har hafta o‘tkaziladigan saralash bosqichlari orqali ishtirokchilar real biznes muammolari asosida ishlab chiqilgan keyslar ustida ishladi.
Ushbu jarayon yoshlarning strategik fikrlash, kompleks tahlil qilish va innovatsion qarorlar ishlab chiqish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Kuchli raqobat asosida eng ilg‘or jamoalar saralab olinib, final bosqichiga yo‘l oldi.
Tanlovning final bosqichida 4 ta eng kuchli jamoa o‘zaro bellashadi hamda yirik kompaniyalar faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan real biznes masalalar bo‘yicha o‘z yechimlarini taqdim etdi.
Final bosqich doirasida xalqaro darajadagi yetakchi ekspertlar ishtirokida “sun’iy intellekt davrida biznes ta’limining kelajagi” mavzusida muhokamalar ham tashkil etildi.
Tanlov jarayoni davomida ishtirokchilar McKinsey, Boston Consulting Group, Mastercard, KPMG kabi global kompaniyalar vakillari bilan bevosita ishlash, ularning tajribasidan o‘rganish va professional tarmoqni kengaytirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
New Uzbekistan Business Case Competition – bu nainki tanlov, balki yoshlarning amaliy bilimlarini sinovdan o‘tkazadigan, ularni real biznes muhitiga yaqinlashtiradigan va yangi avlod liderlari hamda tadbirkorlarini shakllantiradigan strategik platforma. Mazkur tashabbus orqali yoshlar zamonaviy iqtisodiyot talablariga mos innovatsion yondashuvlarni ishlab chiqish orqali mamlakatimiz taraqqiyotiga bevosita hissa qo‘shadi.
“Yangi O‘zbekiston” universitetida tashkil etilayotgan bunday yirik va xalqaro miqyosdagi tashabbuslar yoshlarni global fikrlovchi, raqobatbardosh va tashabbuskor mutaxassislar sifatida shakllantirishga xizmat qiladi hamda davlatimizning uzoq muddatli rivojlanish maqsadlarini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.
Tanlov yakunida eng yuqori natijalarni qayd etgan jamoa g‘olib deb e’lon qilindi va tantanali ravishda taqdirlandi.
Nazokat Usmonova,
Asliddin Alijonov(suratlar),
O‘zA muxbirlari