Afg‘onistonda Andijon mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi
Shu kunlarda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi savdo, iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash maqsadida Afg‘oniston davlatida bo‘lib turibdi.
Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, tashrif doirasida delegatsiya Qobul va Hirot shaharlarida bo‘lish, Afg‘oniston bozorini o‘rganish, mahalliy talabga mos mahsulotlar ishlab chiqish, eksportni kengaytirish va ikki mamlakat tadbirkorlari o‘rtasida barqaror hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda Hirot shahrida yangi “Andijon savdo uyi”ni ochish ko‘zda tutilgan.

Viloyat delegatsiyasini Afg‘oniston Savdo va investitsiyalar palatasi raisi Muhammad Saidkarim Hoshimiy, Savdo va sanoat vaziri o‘rinbosari Mavlaviy Shahobiddin Sakib hamda O‘zbekistonning Afg‘onistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Oybek Usmonov kutib oldi.
Tashrif dasturi doirasida delegatsiya o‘z safarini Andijon farzandi, buyuk mutafakkir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur qabri hamda Bobur bog‘ini ziyorat qilishdan boshladi.

Ma’lumki, Zahiriddin Muhammad Bobur Afg‘onistonda hukmronlik qilgan davrlarda Kobulda to‘rt bog‘ qurdirgan. Bular – Bog‘i Shahroro, Bog‘i Vafo, Bog‘i Stolif va Bog‘i Boburdir.

Bog‘i Bobur 1528-yilda Zahiriddin Muhammad Bobur tomonidan loyihalashtirilgan va qurilgan. Ushbu bog‘ Qobulning “Guzargoh” deb nomlangan hududida joylashgan. Bog‘ning maydoni 11 gektarni tashkil etadi.
Shundan so‘ng Andijon viloyati hokimi afg‘onistonlik tadbirkorlar bilan uchrashib, ular bilan muloqot o‘tkazdi. Muloqotda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi qator istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi. Ayniqsa, Andijonda ishlab chiqarilayotgan sifatli mahsulotlarni Afg‘oniston bozoriga olib kirish, samarali logistika zanjirini shakllantirish va qo‘shma korxonalar tashkil etish masalalari xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Viloyat hokimi boshchiligidagi delegatsiya Afg‘oniston Qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vaziri Mavlaviy Atoulloh Omari bilan ham muzokara olib bordi. Unda tomonlar o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish, savdo hajmini oshirish va yangi bozorlarni o‘zlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Jumladan, Andijon viloyatidan jo‘ja va parranda go‘shti, tuxum va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini Afg‘oniston bozoriga olib kirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, Afg‘onistondan go‘sht mahsulotlarini import qilish hamda samarali logistika zanjirini shakllantirish borasida fikr almashildi.

Safarning keyingi kunida Qobul shahrida Andijon viloyatida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmada qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati mahsulotlari, qurilish materiallari, shuningdek, uy-ro‘zg‘or buyumlari va maishiy texnika vositalari, umuman, 150 dan ortiq turdagi mahsulotlar namoyish etildi.
Mazkur ko‘rgazma mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi eksport bozorlarini ochish, mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish hamda Afg‘oniston bilan savdo aloqalarni yanada kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA muxbiri.