Mahalladagi rahbar xotin-qizlar faoliyati o‘rganildi
Poytaxtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida mahallalardagi rahbar xotin-qizlar uchun o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Yurtimizda “Mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida tashkil etilgan seminarda Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi, “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti hamda tegishli boshqarma va tashkilotlar vakillari ishtirok etib, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, ilg‘or tajribalar va mavjud muammolar yuzasidan ma’ruzalar bilan qatnashdi.

Xususan, davlatimiz rahbarining joriy yil 24-iyundagi “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni doirasida rahbar xotin-qizlarga yuklatilgan vazifalar, jumladan, xotin-qizlarning muammolarini manzilli hal etish, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka jalb qilish, oilaviy muammolar profilaktikasi hamda ularning jamiyatdagi faolligini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda qayd etilganidek, mahallada faoliyat yurituvchi hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika va soliq inspektorlari, ijtimoiy xodim faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi, ularning imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda mahallani har tomonlama rivojlantiradi.

“Mahalla yettiligi» tomonidan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni va yangiliklarni oilalarga yetkazish choralarini ko‘radi.
Seminar davomida mahalla xotin-qizlar faollarining kasbiy salohiyatini yanada oshirish, hududlarda olib borilayotgan ishlar samaradorligini kuchaytirish hamda tajriba almashish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
G.Boboyeva, O‘zA