Farg‘ona taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan quruvchilar
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va hududlar obodligini ta’minlashga qaratilgan qurilish ishlari izchil amalga oshirilmoqda. Ana shu jarayonlarda Buvayda tumanida faoliyat yuritayotgan «Trest-6» mas’uliyati cheklangan jamiyati jamoasi ham munosib hissa qo‘shmoqda.
Ko‘p yillik tajribaga ega korxona jamoasi Farg‘ona viloyati va respublika miqyosidagi qator yirik qurilish loyihalarini amalga oshirishda munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Korxonada yuzdan ziyod muhandis-texnik xodim va quruvchi mehnat qiladi.
Jumladan, Farg‘ona shahridagi “Farg‘ona Expo” xalqaro ko‘rgazmalar markazi, Marg‘ilondagi Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi turizm markazining minorasi, bosh darvozasi, binolar fasadi va ichki yo‘llari, shuningdek, Farg‘ona shahridagi “Eko shahar” majmuasidagi ko‘p qavatli turar-joylar qurilishida korxona mutaxassislari ishtirok etdi.
[gallery-30520]
“Shuhrat” medali sohibi, tadbirkor Bahrom Qodirovning ta’kidlashicha, ayni paytda jamoaning asosiy vazifasi Buvayda tumanida barpo etilayotgan “Yangi qo‘ng‘irot” turar-joy majmuasini belgilangan muddatda va sifatli qilib foydalanishga topshirishdan iborat.
Loyiha doirasida sakkizta yetti qavatli ko‘p kvartirali uy qurilmoqda. Shuningdek, tumanda mebelchilik va temirchilikka ixtisoslashtirilgan sanoat zonasida ham qurilish ishlari davom etmoqda. Mazkur loyihalar yangi ish o‘rinlari yaratish va hudud iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Korxona jamoasi mazkur ob’ektlarni O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida foydalanishga topshirish uchun barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etgan.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA