Lionel Messi va Argentina futbol federatsiyasi firibgarlikda ayblanmoqda
Mayamida joylashgan va turli tadbirlarni tashkil etish bilan shug‘ullanuvchi VID kompaniyasi sudga da’vo arizasi kiritdi. Da’vo Lionel Messi va Argentina futbol federatsiyasiga (AFA) qarshi qaratilgan. Kompaniya Messi va federatsiyani firibgarlik hamda shartnoma shartlarini buzishda ayblamoqda.
O‘tgan yili VID kompaniyasi Argentina terma jamoasining o‘rtoqlik o‘yinlari uchun eksklyuziv huquqlarni qo‘lga kiritish maqsadida 7 million dollar sarflagan edi. Shartnomaga ko‘ra, Lionel Messi Venesuela va Puerto-Rikoga qarshi o‘yinlarning har birida kamida 30 daqiqadan maydonda harakat qilishi kerak edi. Ushbu bandni faqatgina jarohat sababli chetlab o‘tish mumkin bo‘lgan.
Messi birinchi o‘yinni o‘tkazib yubordi, biroq ertasi kuni MLS doirasida «Inter Mayami» safida maydonga tushdi. Demak, argentinalik futbolchi jarohat olmagan edi. Argentina terma jamoasining ikkinchi o‘yinida Messi barcha 90 daqiqani maydonda o‘tkazdi, ammo VID kompaniyasi uchun bu kamlik qildi. Ular katta miqdorda zarar ko‘rganliklarini iddao qilmoqdalar.
TMZ Sports nashrining xabar berishicha, VID qancha miqdorda tovon puli talab qilayotgani hozircha noma’lum. Biroq kompaniya ko‘rilgan zararni qoplash va qo‘shimcha to‘lov undirish niyatida ekani aniq.