Kurashni Pan-Amerika va Karib havzasi o‘yinlariga kiritish masalasi muhokama qilindi
Milliy sportimiz kurashni xalqaro maydonda o‘zbek brendi sifatida rivojlantirish, uning ommaviyligini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri sanaladi.
Kuni kecha Xalqaro kurash assotsiatsiyasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Ziyoviddin Xojiniyozov Pan-Amerika kurash ittifoqi rahbari bilan o‘tkazgan onlayn uchrashuvda jahon sport turlari orasidan tobora mustahkam o‘rin egallab kelayotgan kurashni Pan-Amerika va Karib havzasi o‘yinlari Dasturiga kiritish, qit’a va jahon miqyosidagi musobaqalarga tayyorgarlik hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Muhokamalar jarayonida Pan-Amerika Kurash chempionati va kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga tayyorgarlik ishlari tahlil qilindi.

Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan suhbat davomida joriy yil Yaponiyada o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlaridagi kurash musobaqalariga tayyorgarlik holati, bir necha mamlakatlarning terma jamoalari ishtirokida qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish, hakam va murabbiylar uchun kurash seminarlari kabi mavzular qamrab olindi.
Xalqaro kurash assotsiatsiyasi ijroiya qo‘mitasi a’zolari ishtirok etgan onlayn muloqot yakunida kurash sportini yozgi Olimpiya o‘yinlari tizimidagi Pan-Amerika va Karib havzasi o‘yinlariga kiritishning texnik jihatlari ko‘rib chiqilib, o‘yinlarning tashkiliy qo‘mitalari bilan manfaatli hamkorlik aloqalarini mustahkamlash yuzasidan takliflar ilgari surildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA