Korrupsiyaga qarshi kurashda ilg‘or tajribalar o‘rganilmoqda
Latviya poytaxti Riga shahrida O‘zbekiston fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari ishtirokida yozgi maktab o‘z ishini boshladi.
Respublikamizdagi nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimlaridan iborat delegatsiya a’zolari davlat sektorini isloh qilish va korrupsiyaga qarshi kurashda fuqarolik jamiyati ishtirokini kengaytirish bo‘yicha xalqaro tajribasini oshirmoqda.

Dastur doirasida ishtirokchilar davlat resurslarini boshqarishdagi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni aniqlash, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish hamda davlat xaridlarini samarali monitoring qilish bo‘yicha Latviyaning ilg‘or tajribasini o‘rganmoqda. Shuningdek, ishtirokchilar bir qator davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarida bo‘lishadi.

– Dasturning asosiy maqsadi fuqarolik jamiyati institutlarini korrupsiyaning oldini olish va davlat boshqaruvida shaffoflikni ta’minlash jarayonlariga keng jalb etish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni joriy etishdan iborat, – deydi Navoiy viloyati korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy Kengashi a’zosi, “Noila” ijtimoiy ko‘mak, huquqiy targ‘ibot va monitoring markazi ta’sischisi Mansur Hamidov. – “Transparency International Latvia” ushbu faoliyatni “O‘zbekistonda boshqaruvni takomillashtirish – korrupsiyaning inklyuziv oldini olish” loyihasi doirasida amalga oshirmoqda. Loyiha Latviya Respublikasi Markaziy moliya-shartnoma agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda olib borilmoqda. Moliyalashtirish esa Yevropa Ittifoqi hamda Germaniya Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish federal vazirligi (BMZ) tomonidan birgalikda amalga oshiriladi.

Dastur doirasidagi jarayonlar 25-aprel kuni yakunlanadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri