Qo‘shni davlatdan olib kelingan 24 kg.dan ortiq narkotik modda to‘xtatib qolindi
Giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Ichki ishlar va Bojxona idoralari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan katta miqdordagi narkotik modda to‘xtatib qolindi.
Xususan, oldindan kuzatuvga olingan, Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1973 y.t., muqaddam narkojinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxs o‘zining qirg‘izistonlik tanishlari tomonidan Xo‘jaobod tumanidagi xufiya joyga yashirib ketilgan 24 kg 475 gr “gashish” moddasini qabul qilib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasi (kontrabanda) 2-qismi hamda 25,273-moddasi (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish...) 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanildi.
Tergov harakatlari doirasida uni jinoiy sheriklarining shaxsiga aniqlik kiritilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz DXXning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.