Korrupsiya – taraqqiyot yo‘lidagi to‘siq
Sirdaryo viloyatida korrupsiyaga qarshi targ‘ibot va huquqiy ma’rifiy ishlar izchil davom etmoqda. Viloyat adliya boshqarmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Korrupsiya – taraqqiyot yo‘lidagi to‘siq” mavzusidagi navbatdagi tadbirda davlat xizmatchilarida huquqiy bilim va mas’uliyatni oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlar palatasi Sirdaryo viloyati boshqarmalari xodimlari ishtirok etishdi. Tadbir davomida ularga korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning turlari, huquqiy oqibatlari, jinoyatlar uchun belgilangan jazo choralari va profilaktik mexanizmlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ayniqsa, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”, “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida” hamda “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunlar hamda tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati atroflicha yoritildi. Shu bilan birga, korrupsiya holatlari aniqlanganda tegishli organlarga murojaat qilish tartibi va murojaat etuvchilarning qonuniy himoyasi haqida ham so‘z yuritildi.

Adliya boshqarmasi huquqiy axborot bo‘limining bosh maslahatchisi Dilnoza Umurzoqova tadbir davomida so‘zga chiqib, uni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsadni tushuntirdi: – Bunday tadbirlar davlat xizmatchilarini korrupsiyaviy xatti-harakatlardan ogoh qilish, huquqiy bilimlarini mustahkamlash va ularning kundalik faoliyatida halollik va mas’uliyat prinsiplarini ustuvor qilishga qaratilgan. Davlat xizmatida har bir xodimning fuqarolik burchi – korrupsiyaga qarshi intizomli va faol kurashishdir.

Tadbir savol-javob va erkin muloqot ruhida o‘tdi. Xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan huquqiy masalalar yuzasidan savollar berib, kundalik ish faoliyatida duch kelayotgan muammolar bo‘yicha fikr va takliflarini bildirishdi.
Yakunda ta’kidlanishicha, korrupsiyaga qarshi kurashish har bir davlat xizmatchisining fuqarolik burchi hisoblanadi. Halollik va mas’uliyat esa samarali mehnat faoliyatining asosiy mezonlari sifatida davlat xizmatida ustuvor o‘rin tutishi lozimligi yana bir bor eslatib o‘tildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri