“Rahbar va yoshlar uchrashuvi”: taraqqiyot sari muhim qadam
Buxoro davlat pedagogika institutida viloyat hokimi Botir Zaripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov ishtirokida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.
Tadbir avvalida mehmonlar institut hududida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ta’lim sifatini oshirishga xizmat qilayotgan zamonaviy infratuzilmalar hamda talaba-yoshlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar bilan tanishdilar. Ayniqsa, institut olimlari va yosh pedagog izlanuvchilar tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablarda amaliyotga joriy etilayotgan ilg‘or pedagogik loyihalar taqdimoti katta qiziqish uyg‘otdi.
[gallery-29140]
Uchrashuvda oliygohda ilm-fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasini ta’minlash, ilg‘or tajriba va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, axborot-resurs markazi faoliyati ko‘zdan kechirilib, ijodkor talabalar bilan samimiy muloqot o‘tkazildi.
Uchrashuvning asosiy qismi ochiq va konstruktiv muloqot ruhida o‘tdi. Talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, taklif va tashabbuslari bilan faol ishtirok etdilar. Xususan, ta’lim tizimini takomillashtirish, yoshlar bandligini ta’minlash, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada mustahkamlash kabi qator dolzarb masalalar ilgari surildi.
Bunday uchrashuvlar yoshlarning fikrini eshitish, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish va kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Mazkur muloqot yoshlarga katta ruhiy qo‘llab-quvvatlash berib, ularning tashabbuslarini amalga oshirishga yangi imkoniyatlar eshigini ochdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.