Konstitutsiya – Yangi Özbekiston taraqqiyotining mustahkam huquqiy poydevori
Inson qadri uluğlangan, huquq va erkinliklari kafolatlangan, qonun ustuvorligi taʼminlangan jamiyatgina barqaror taraqqiyot sari dadil qadam taşlay oladi. Şu maʼnoda, Özbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi nafaqat davlat va jamiyat hayotining huquqiy asosi, balki xalqimizning erkin, farovon va adolatli kelajak haqidagi orzu-intilişlarini ifoda etuvçi muhim siyosiy-huquqiy hujjatdir.
Har bir davlatning mustaqilligi, siyosiy barqarorligi, ijtimoiy taraqqiyoti va xalqaro maydondagi nufuzi, avvalo, uning mustahkam huquqiy asoslariga bevosita boğliq. Ana şu asoslarning eng muhimini davlatning Konstitutsiyasi taşkil etadi. Zero, Konstitutsiya davlat hokimiyatining taşkil etilişi va faoliyat yuritişi, fuqarolarning huquq hamda erkinliklari, jamiyat va davlat örtasidagi munosabatlarning asosiy qoidalarini belgilab beruvçi Boş Qomus hisoblanadi.
Konstitutsiyaning mohiyatini faqat unda belgilangan huquqiy normalar bilan çeklab bölmaydi. Uning mazmunida xalqning tarixiy xotirasi, milliy qadriyatlari, mustaqillikka bölgan intilişi, bugungi taraqqiyot maqsadlari va kelajak avlodlar oldidagi masʼuliyati mujassam. Şu bois har qanday demokratik davlatda Konstitutsiyaga hurmat, unda belgilangan qoidalarga amal qiliş va konstitutsiyaviy qadriyatlarni hayotga tatbiq etiş umummilliy ahamiyatga ega vazifadir.
Taʼkidlaş lozimki, Konstitutsiya – mustaqillik va milliy davlatçilikning huquqiy asosidir. Özbekistonning konstitutsiyaviy taraqqiyot tarixi mamlakatimiz davlatçilik rivojining muhim bosqiçlari bilan çambarças boğliq. 1991-yilda davlat mustaqilligining qölga kiritilişi xalqimiz hayotida yangi davrni boşlab berdi. Mustaqil davlatning siyosiy, huquqiy va ijtimoiy asoslarini belgilaş, milliy davlatçilik tizimini şakllantiriş hamda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplariga tayanadigan huquqiy tizimni barpo etiş zarurati yuzaga keldi. Ana şu tarixiy ehtiyoj natijasida 1992-yil 8-dekabrda Özbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi.
Bu voqea mamlakatimiz tarixida alohida örin egalladi. Zero, Konstitutsiyaning qabul qilinişi mustaqil Özbekistonning davlat sifatidagi huquqiy maqomini mustahkamlab, xalqimizning öz taqdirini özi belgilaş huquqini konstitutsiyaviy jihatdan ifoda etdi. Unda davlat suvereniteti, xalq hokimiyatçiligi, hokimiyatlar bölinişi, qonun ustuvorligi, fuqarolarning asosiy huquq va erkinliklari kabi demokratik prinsiplar mustahkamlandi. Mazkur qoidalar keyingi yillarda milliy davlatçilik tizimining şakllanişi va huquqiy islohotlarning amalga oşirilişi uçun mustahkam asos bölib xizmat qildi.
Biroq jamiyat bir joyda töxtab qolmaydi. Vaqt ötişi bilan ijtimoiy munosabatlar özgaradi, yangi ehtiyoj va talablar paydo böladi, davlat hamda jamiyat oldida yangi vazifalar yuzaga keladi. Şu nuqtai nazardan, konstitutsiyaviy normalarni zamon talablari, xalqaro huquqiy standartlar va xalqning bugungi orzu-intilişlariga muvofiq takomillaştiriş tabiiy jarayondir.
2023-yil 30-aprel kuni ötkazilgan umumxalq referendumida Özbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi yangi tahrirda qabul qilindi. Bu jarayon mamlakatimiz konstitutsiyaviy taraqqiyotida yangi bosqiçni boşlab berdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari kafolatlarini kengaytiriş, ijtimoiy davlat tamoyilini mustahkamlaş, davlat organlarining xalq oldidagi masʼuliyatini oşiriş va fuqarolik jamiyati institutlarining örnini kuçaytirişga alohida eʼtibor qaratildi. Eng muhimi, konstitutsiyaviy islohotlarning markaziga inson, uning şaʼni, qadr-qimmati, huquq va qonuniy manfaatlari qöyildi.
Inson qadri – Konstitutsiyaning boş mezoni
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning eng muhim ğoyalaridan biri inson qadrini uluğlaşdir. Boş Qomusimizning 13-moddasida inson, uning hayoti, erkinligi, şaʼni, qadr-qimmati va boşqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanişi qatʼiy belgilab qöyildi.
Inson qadri tuşunçasi faqat uning huquqlarini eʼtirof etiş bilangina çeklanmaydi. U har bir şaxsning şaxsiy daxlsizligi, erkin fikr bildirişi, öz qobiliyatini namoyon etişi, taʼlim olişi, mehnat qilişi, mulkka egalik qilişi va jamiyat hayotida faol iştirok etişi uçun zarur huquqiy imkoniyatlarni taʼminlaşni ham anglatadi.
Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarining bevosita amal qilişi belgilangani ham muhim ahamiyatga ega. Bu huquqlar şunçaki qonun hujjatlarida qayd etilgan deklarativ qoidalar bölib qolmasdan, fuqarolarning kundalik hayotida töğridan-töğri işlaşi zarurligini anglatadi. Şuningdek, Konstitutsiyaning 20-moddasida inson bilan davlat organlari örtasidagi munosabatlarda qonunçilikdagi barça ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilişi belgilangan. Bu qoida davlat organlari faoliyatida fuqarolarning huquq va manfaatlarini ustuvor qöyişga xizmat qiladi.
Inson qadrini uluğlaşning yana bir muhim şarti – odil sudlov va huquqiy himoya kafolatlaridir. Har bir şaxs öz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qiliş, davlat organlari va mansabdor şaxslarning qonunga xilof qarorlari yoki harakatlari ustidan şikoyat qiliş imkoniyatiga ega bölişi kerak. Şu maʼnoda, Konstitutsiya inson va davlat örtasidagi munosabatlarning huquqiy mezonini belgilab, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini taʼminlaşga xizmat qiladi.
Ijtimoiy davlat – inson farovonligiga qaratilgan siyosat
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Özbekistonning ijtimoiy davlat ekanligi alohida mustahkamlandi. Bu mamlakatimiz taraqqiyotida muhim konstitutsiyaviy yondaşuv bölib, davlatning ijtimoiy sohadagi masʼuliyatini yanada kuçaytiradi.
Ijtimoiy davlatning asosiy vazifasi – inson uçun munosib hayot şaroitlarini yaratiş, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qöllab-quvvatlaş, sifatli taʼlim va tibbiyot xizmatlaridan foydalaniş imkoniyatlarini kengaytiriş, aholi bandligini taʼminlaş hamda ijtimoiy tengsizlikni kamaytirişga qaratilgan huquqiy va taşkiliy mexanizmlarni rivojlantirişdan iborat.
Konstitutsiya va yoşlar: huquqiy bilim – kelajak masʼuliyati
Mamlakatning ertangi kuni bugungi yoş avlodning bilimi, dunyoqaraşi, huquqiy madaniyati va fuqarolik pozitsiyasiga boğliq. Şu bois yoşlarning Konstitutsiya va qonunlar mazmun-mohiyatini çuqur anglaşi davlat va jamiyat taraqqiyoti uçun muhim omil hisoblanadi. Konstitutsiyada yoşlarning taʼlim oliş, kasb-hunar egallaş, mehnat qiliş, ijodiy va intellektual salohiyatini rivojlantiriş hamda jamiyat va davlat hayotida faol iştirok etiş huquqlari kafolatlangan.
Biroq yoşlarning huquqiy bilimlarini oşiriş faqat darsliklar yoki maʼruzalar bilan çeklanib qolmasligi kerak. Konstitutsiya normalarini hayotiy misollar asosida tuşuntiriş, huquqiy vaziyatlarni tahlil qiliş, oçiq muloqotlar, bahs-munozaralar va amaliy maşğulotlarni taşkil etiş ham katta ahamiyatga ega.
Bugungi raqamli davrda yoşlarning huquqiy axborotdan töğri foydalanişi ham dolzarb masaladir. Internet va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan har qanday maʼlumotga işonib ketmaslik, rasmiy manbalarga tayaniş, şaxsiy maʼlumotlarni muhofaza qiliş va boşqalarning huquqlarini hurmat qiliş huquqiy madaniyatning ajralmas qismiga aylanişi zarur. Şu maʼnoda, yoşlarning Konstitutsiyani bilişi ularning nafaqat şaxsiy huquqlarini himoya qiliş, balki jamiyat taraqqiyotida masʼuliyatli iştirok etişi uçun ham muhim zamin yaratadi.
Huquqiy madaniyat – Konstitutsiya normalarining hayotdagi ifodasi
Konstitutsiyada belgilangan normalarning samaradorligi köp jihatdan jamiyat aʼzolarining huquqiy ongi va madaniyatiga boğliq. Huquqiy madaniyat deganda insonning qonunlarni bilişi, ularga hurmat bilan munosabatda bölişi, öz huquq va majburiyatlarini anglaşi hamda huquqiy qoidalarga ongli ravişda amal qilişi tuşuniladi.
Huquqiy madaniyat yuqori bölgan jamiyatda fuqarolar öz manfaatlarini qonun doirasida himoya qiladi, özgalarning huquqlarini hurmat qiladi, huquqbuzarliklarga murosasiz munosabatda böladi va ijtimoiy munosabatlarda masʼuliyatni his etadi. Bu jarayonda oila, taʼlim muassasalari, mahalla, ommaviy axborot vositalari va davlat organlarining örni beqiyos. Xususan, oilada bolalarga yoşlikdan qonunga hurmat, adolat, halollik va masʼuliyat tuyğularini singdiriş kelajakda huquqiy madaniyati yuksak avlodni şakllantirişga xizmat qiladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada şaxsiy hayot daxlsizligi, şaxsga doir maʼlumotlarni himoya qiliş va axborot oliş bilan boğliq konstitutsiyaviy kafolatlar mustahkamlangan. Bu normalar raqamli muhitda inson huquqlarini himoya qiliş uçun ham muhim huquqiy asos bölib xizmat qiladi. Ayni paytda raqamli texnologiyalardan foydalanişda har bir fuqaro öz masʼuliyatini ham anglaşi zarur: boşqa şaxslarning şaxsiy maʼlumotlarini ruxsatsiz tarqatmaslik, internetda haqorat va tuhmatdan saqlaniş, işonçsiz axborotni tekşirmasdan ommalaştirmaslik huquqiy va axloqiy madaniyatning muhim körinişlaridir.
Konstitutsiya – kelajak avlodlar oldidagi masʼuliyat
Konstitutsiyaning ahamiyatini faqat bugungi kun bilan boğlab baholaş töğri bölmaydi. U kelajak avlodlar uçun ham huquqiy, siyosiy va ijtimoiy taraqqiyot yönalişlarini belgilab beruvçi muhim hujjatdir.
Xulosa örnida aytiş mumkinki, Özbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – mamlakatimiz mustaqilligi, davlatçiligi va demokratik taraqqiyotining mustahkam huquqiy poydevoridir. Unda xalqimizning erkin va farovon hayot keçiriş, inson qadri uluğlangan, qonun ustuvor bölgan va adolat qaror topgan jamiyat barpo etiş yölidagi ezgu maqsadlari mujassam.
Konstitutsiyaga hurmat – bu mustaqillikka hurmat, inson qadriga hurmat – bu adolatga hurmat, qonun ustuvorligiga amal qiliş esa farovon kelajak sari taşlangan mustahkam qadamdir. Boş Qomusimiz bugungi huquqlarimiz kafolati, ertangi kunimizga bölgan işonç va kelajak avlodlar oldidagi masʼuliyatimizning huquqiy ifodasidir.
A.A.Tolipov,
Özbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti
Ijtimoiy-gumanitar fanlar kafedrasi boşliği,
sotsiologiya fanlari böyiça falsafa doktori (PhD), dotsent