Kimyoviy xavflarni boshqarishda yangi tizim va xavfsiz kelajak
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Taraqqiyot dasturi (BMTTD) hamda Bazel, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari kotibiyatlari (BRS) hamkorligida Eco Expo Central Asia 2026 doirasida tadbir tashkil etildi.
Anjuman O‘zbekistonda pestitsidlar va xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish bo‘yicha integratsiyalashgan, hayotiy siklga asoslangan tizimni rivojlantirish yo‘lida erishilgan yutuqlarni namoyish etdi.
“O‘zbekistonda pestitsidlar va xavfli kimyoviy moddalar hayotiy siklini boshqarishni kuchaytirish: milliy yutuqlar, hamkorlik va kelgusi rejalar” mavzusidagi tadbir Expo ko‘rgazmasining “Yashil texnologiyalar va qayta ishlash” yo‘nalishi doirasida tashkil etilib, xavfli chiqindilar, eskirgan pestitsidlar, doimiy organik ifloslantiruvchi moddalar masalalariga bag‘ishlandi.

Qayd etish kerak, O‘zbekiston kimyoviy moddalar va chiqindilarni boshqarish bo‘yicha milliy tizimini Bazel, Rotterdam va Stokgolm konvensiyalari talablariga moslashtirish maqsadida muhim islohotlarni amalga oshirmoqda. Yevropa Ittifoqi va boshqa hamkorlarning ko‘magi ostida mamlakatimiz eskirgan pestitsidlar va ifloslangan hududlar kabi tarixiy ekologik xavflarni bartaraf etish bo‘yicha izchil ish olib bormoqda.
Mazkur sa’y-harakatlar kelgusida xavfli kimyoviy moddalar to‘planishining oldini olishga qaratilgan samarali profilaktik choralar bilan to‘ldirilmoqda. Shu tariqa, O‘zbekiston nafaqat o‘tmishdan qolgan muammolarni hal etmoqda, balki yanada xavfsiz va barqaror kelajak uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi Aziz Abduhakimov va boshqalar so‘zga chiqdi. Shuningdek, davlat tashkilotlari, BMT agentliklari, donorlar, xususiy sektor vakillari, ilmiy-tadqiqot institutlari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari ishtirok etdi.
Texnik sessiya davomida pestitsidlarning hayotiy siklini boshqarish, monitoring va laboratoriya tizimlari, xavflarni kamaytirish, barqaror amaliyotlar hamda Stokgolm konvensiyasi doirasida doimiy organik ifloslantiruvchi moddalarni boshqarish bo‘yicha erishilgan amaliy natijalar taqdim etildi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA