Kelajakka yo‘l kasbdan boshlanadi
O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Muhim davlat ob’ektlarini qo‘riqlash boshqarmasi bo‘linmalaridan birida “Bugungi kasb tanloving — kelajaging poydevori” mavzusida psixologik trening tashkil etildi.
Tadbirda batalon xodimlari, ularning oila a’zolari hamda imtiyoz asosida ta’lim olish huquqiga ega bo‘lgan farzandlar ishtirok etdi. Trening davomida mutaxassis-psixolog tomonidan yoshlarga kasb tanlashda to‘g‘ri yo‘nalish belgilash, shaxsiy qiziqish va qobiliyatlarini aniqlash, maqsad sari intilish hamda kelajakni rejalashtirish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Shuningdek, ishtirokchilar xizmat qilayotgan ota-onalarining ish faoliyati, xizmat sharoiti va mas’uliyatli vazifalari bilan yaqindan tanishdi. Elektron tir maydonlarida amaliy mashg‘ulotlarda qatnashib, harbiy intizom, vatanparvarlik, sadoqat va mas’uliyat tushunchalari haqida ma’lumot oldi.

Tadbir doirasida ishtirokchilar uchun O‘zbekiston Milliy kino san’ati saroyiga ekskursiya uyushtirildi. Ekskursiya chog‘ida ular kino san’ati tarixi, milliy kinematografiya yutuqlari va ijodiy jarayonlar bilan tanishdi. Shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi qisqa hujjatli film namoyish etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi — yoshlarning kasb tanlashga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni ongli ravishda kelajak yo‘lini belgilashga yo‘naltirish hamda shaxsiy qobiliyatlarini to‘g‘ri baholashga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi.
Nigora Rahmonova, O‘zA