O‘zbekiston, jonim to‘shay soyangga...
Bugun xalqimizning ardoqli va suyukli shoiri, O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavallud topgan kun. Shu munosabat bilan Andijon viloyatida qator tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri bugun erta tongda shoir tug‘ilib o‘sgan Marhamat tumani Qovunchi mahallasida, shoirning xonadonida o‘tkazildi.
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligida bir guruh viloyat faollari, ijodkorlar, poytaxtimiz Toshkent shahridan va yurtimizning turli viloyatlaridan tashrif buyurgan mehmonlar shoir qabrini ziyorat qildi, qur’on tilovat qilinib, uning xotirasi yodga olindi.
Shundan so‘ng shoir xonadonida tashkil etilgan “Muhammad Yusuf uy muzeyi” bilan tanishildi, ushbu xonadonda mushoira o‘tkazildi.
O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludining 72 yilligiga bag‘ishlangan bosh tadbir – adabiy, madaniy-ma’rifiy kecha Andijon shahridagi Muhammad Yusuf xiyobonida bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida ishtirokchilar tomonidan Muhammad Yusuf byusti poyiga gulchambarlar qo‘yilib, shoirga ehtirom ko‘rsatildi.
Viloyat hokimligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda shoir va yozuvchilar, mehnat jamoalari vakillari, adabiyot muxlislari, oliy o‘quv yurtlari, umumta’lim maktablari o‘qituvchi, talaba va o‘quvchilari, keng jamoatchilik vakillari, ijodkor yoshlar ishtirok etdi.
Muhammad Yusuf o‘z ona xalqining yuksak orzu-intilishlari, armonlari, ertangi kunga bo‘lgan umid va ishonchini o‘z ovozi, o‘z sozi bilan jo‘shib kuylagan. Ayniqsa, uning vatanparvarlik, millatsevarlik mavzusidagi she’rlari har bir o‘zbekning yuragidan mustahkam joy olgan.
Tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Muhammad Yusuf Vatan, istiqlol kuychisi sifatida xalqimizning mangu barhayot shoirlardan biri, uning ijodida millat ruhi, xalqining dardu quvonchlari, o‘zlikni anglash chuqur tarannum etilganligini ta’kidlab, shoirning “O‘zbekiston” she’rini o‘qib berdi.
O, ota makonim.
Onajon o‘lkam,
O‘zbekiston, jonim to‘shay soyangga.
Senday mehribon yo‘q,
Seningdek ko‘rkam.
Rimni alishmasman bedapoyangga.
...
Bildimki, baridan ulug‘im o‘zing,
Bildimki, yaqini shu tuproq menga.
Bahorda Baxmalda tug‘ilgan qo‘zing
Arab ohusidan azizroq menga.
Shundan so‘ng viloyat boshqarma va tashkilotlari, oliy o‘quv yurtlari jamoalari tomonidan shoir she’rlaridan namunalar o‘qildi.
Muhammad Yusufning turmush o‘rtog‘i Nazira as-Salom, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bo‘lim boshlig‘i Nargiza Asadova shoir hayoti va ijodi, ayniqsa, uning yurtni, yuksak insoniy fazilatlarni ulug‘lovchi betakror satrlari xalqimiz qalbidan mustahkam joy olganligi, shoir she’rlari xalqimiz, yoshlarimiz qalbida vatanparvarlik, yurtga fidoyilik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilishligini ta’kidladi.
– Muhammad Yusufning serqirra va betakror ijodi juda katta tarbiyaviy ahamiyatga ega, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi rahbari, shoira Xurshida Vahobjon qizi. – Ayniqsa, shoir she’rlari tilining soddaligi, oddiy xalq hayoti, kechinmalari sodda, lekin go‘zal va ta’sirli satrlarda bayon etilganligi bilan yurtdoshlarimiz qalbiga chuqur kirib borgan. Bir so‘z bilan aytganda, Muhammad Yusuf ijodi, she’riyati o‘zining xalqchilligi bilan ajralib turadi.
Tadbir adabiyot, she’riyat bayramiga aylanib ketdi.
Muhammad Yusuf nomidagi ijod maktabi, umumta’lim maktablari o‘quvchi va o‘qituvchilari tomonidan shoirning go‘zal she’rlaridan namunalar o‘qildi, san’atkorlar tomonidan shoir she’rlari bilan aytiladigan qo‘shiqlar yangradi.
Ayniqsa, Andijon viloyati teatri san’atkorlarning shoir hayotidan aks ettirgan sahna ko‘rinishlari tadbirga o‘zgacha fayz kiritdi.
Poying o‘psam arzir cho‘kka tushib tiz.
Sen-ku mangudirsan, men bormu-yo‘qmi,
Men qaydan kunimni ko‘rardim sensiz.
Vatan, jonga jondan yaqinrog‘imsan,
Qavmim ildiz otar sajdagohimsan.
(“Vatan” she’ri).
– Muhammad Yusuf she’rlarini juda yoqtiraman, ko‘p she’rlarini yod olganman, – deydi tadbir ishtirokchisi, Marhamat tumanidagi 22- ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi Ravshanbek Otaqo‘ziyev. – Bo‘lib o‘tayotgan tadbir nafaqat shoir xotirasini yod olish, ijodini targ‘ib qilish, balki, Vatanni sevish, ardoqlash ma’nosida ham biz yoshlarga katta ma’naviy va ruhiy ozuqa beradi.
[gallery-28997]
Muhammad Yusuf xotirasiga yuksak ehtirom sifatida tavalludining 72 yilligiga bag‘ishlangan bu kabi adabiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar mehnat jamoalari, ta’lim muassasalarida, xususan, shoir tug‘ilib o‘sgan Marhamat tumanidagi Qovunchi mahallasida keng nishonlandi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA