Jurnalistlar jamiyatning vijdoniga aylanmog‘i kerak
Mulohaza
Bugun axborot makoni daqiqalar sayin o‘zgarayotgan, virtual dunyo real hayotimizni boshqarishga da’vo qilayotgan global davrda yashamoqdamiz. Darhaqiqat, ayni kunda dunyoda axborot shunchaki yangilik emas, balki jamiyat kayfiyatini yo‘naltiruvchi, siyosiy-iqtisodiy jarayonlarga ta’sir etuvchi qudratli kuchga, geosiyosiy qurolga aylanib ulgurdi.
Mamlakatimizda kechayotgan keng qamrovli transformatsiya jarayonlarida davlat va xalq o‘rtasidagi muloqotni ta’minlash, islohotlarning mazmun-mohiyatini jamiyatga xolis yetkazish va tizimli muammolarni mardlik bilan o‘rtaga tashlash vazifasi matbuotning zimmasiga tushmoqda.
Biroq bugungi o‘zbek media makonida ochiqlik siyosati quruq deklaratsiyalardan iborat bo‘lib qolmayaptimi?
Tezkorlik ortidan quvish kasb mas’uliyati va faktlar aniqligini ikkinchi planga surib qo‘ymayaptimi?
Soxta sensatsiyalar va "laykbozlik" avj olgan bir davrda haqiqiy, professional jurnalistikaning mustahkam pozitsiyasi nimada aks etadi?
Tan olish kerak, davlatimiz rahbari jamiyat rivojida ommaviy axborot vositalarining o‘rni va davlat organlarining ochiqligi masalasini yangi bosqichga olib chiqdi. Prezident ta’kidlaganidek: "Agar biz mamlakatimizda demokratik tamoyillarni chuqur ildiz ottirmoqchi bo‘lsak, eng avvalo, so‘z va matbuot erkinligini, jurnalistlarning mustaqil faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishimiz zarur. Ochiqlik va oshkoralik — bu vaqtinchalik kampaniya emas, bu — qaytmas strategik yo‘limiz".
Ushbu yuksak siyosiy iroda joylardagi davlat idoralari va rahbarlarning dunyoqarashini tubdan o‘zgartirishni talab etadi. Davlat organlari axborot xizmatlarini shunchaki "chiroyli hisobotlar tarqatuvchi markaz" yoki rahbarni tanqidlardan to‘sib turuvchi "ishonchli devor"deb emas, balki jamiyat bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri, kerak bo‘lsa, keskin va tanqidiy muloqot olib boruvchi jonli ko‘prik, deb tan olishlari shart.
Vaziyatga xolis baho beradigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda O‘zbekistonning axborot sohasida asrlarga tatigulik ijobiy o‘zgarishlar yuz berganini hech kim inkor eta olmaydi. Eng avvalo, matbuotning "divan jurnalistikasi" va quruq qarsakbozlikdan voz kechib, ijtimoiy hayotning eng og‘riqli va yashirin nuqtalarini ko‘tarib chiqishi oddiy holga aylandi.
Huquqiy jihatdan olib qaraganda, jurnalist va blogerlarning faoliyati daxlsizligini ta’minlash borasida katta qadam tashlandi. Xususan, Jinoyat kodeksidan jurnalistik faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan ozodlikdan mahrum qilish jazolarining chiqarib tashlanishi soha xodimlariga ruhiy va kasbiy erkinlik berdi.
Davlat idoralarida Axborot xizmatlari (matbuot kotiblari) instituti tubdan isloh qilindi. Ularning maqomi vakolat jihatdan rahbar o‘rinbosarlari darajasiga ko‘tarildi. Bundan tashqari, davlat byudjet mablag‘larining sarflanishi, davlat xaridlarining ochiq portallarga joylashtirilishi jurnalistlar uchun misli ko‘rilmagan ma’lumotlar bazasini ochdi. Mustaqil internet-nashrlar, surishtiruvchi jurnalistlar va faol blogerlar jamiyat fikrini shakllantiruvchi, ijro hokimiyati xatolarini ko‘rsatib beruvchi real kuchga aylandi. Mahalliy hokimlar va vazirlar OAVning tanqidiy chiqishlariga rasmiy munosabat bildirishga va kamchiliklarni bartaraf etishga odatlandi. Bu so‘z erkinligi borasidagi islohotlarning eng katta yutug‘idir.
Biroq erishilgan yutuqlar bizni xotirjamlikka undamasligi kerak. Tizimda hamon eskicha fikrlaydigan, shaffoflikni istamagan bo‘g‘inlar mavjud. Ayrim vazirlik va hokimliklarda ochiqlik siyosati hamon rasmiyatchilik va shablon yondashuvlardan xoli emas. Ijtimoiy tarmoqlarda biror-bir tizimli muammo yoki rezonansli voqea ko‘tarilsa, mutasaddi idoralar dastlabki og‘ir soatlarda sukut saqlashni, vaziyatni xaspo‘shlashni yoki umumiy gaplar bilan bayonot berishni afzal ko‘rishadi.
Eng achinarlisi, OAV va jurnalistlarni "o‘ziniki" va "yotlar"ga, ya’ni faqat maqtaydigan "qulay" nashrlar va noqulay savol beradigan "bezovta" jurnalistlarga ajratish illati hamon ko‘zga tashlanmoqda. Natijada ayrim rasmiy tadbirlar va brifinglar oldindan kelishilgan, ssenariyli "spektakl" ko‘rinishini olmoqda.
Bilamizki, axborot makonida vakuum (bo‘shliq) uzoq turmaydi. Davlat organi sukut saqlagan daqiqalarda ushbu bo‘shliqni xorijdagi g‘arazli kuchlar, tarmoqlardagi asossiz mish-mishlar va sun’iy vahimalar to‘ldiradi. Rasmiy idoraning axborot berishda kechikishi yoki uni yashirishi axborot urushida yutqazish bilan barobardir. Haqiqiy ochiqlik jamiyatni qiynayotgan og‘riqli nuqtalarni mardlik bilan tan olish va uning yechimi ustida jurnalist bilan hamkorlik qilishdir.
Bugungi axborot makonini shiddatli tezkorlik boshqarmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar yangilikni tarqatish tezligi bo‘yicha an’anaviy OAVdan o‘zib ketmoqda. Tezkorlik bugungi kunning bosh talabi, ammo u matbuot uchun xavfli tuzoqqa ham aylanishi mumkin. Prezident jurnalistlar va blogerlar bilan uchrashuvlardan birida juda muhim bir fikrni ilgari surgan edi: "Matbuot tezkor bo‘lishi kerak, lekin undan ham muhimi — u xolis, haqqoniy va asoslangan bo‘lishi shart. Kontekstdan yulib olingan, chuqur tahlil qilinmagan axborot jamiyatda noto‘g‘ri tushuncha shakllanishiga olib keladi".
Afsuski, "birinchi bo‘lib chiqarish" yoki "eksklyuziv" ilinjida faktcheking (faktlarni tekshirish) madaniyati unutilmoqda. Yuzakilik va voqeaning asl mohiyatini o‘rganmay turib xulosa chiqarish milliy jurnalistikamizda eng og‘riqli nuqta bo‘lgan — jurnalist surishtiruvi (investigative journalism) institutining to‘liq rivojlanishiga to‘siq bo‘lmoqda.
Bizda rasmiy ma’lumot olish kafolatlangan bo‘lsa-da, chuqurroq tahlil va idoraviy surishtiruv jarayoni boshlanganda ayrim amaldorlar ma’lumotlarni bermaslik uchun ming bir bahona va sun’iy g‘ovlarni ishga soladi. Vaholanki, kuchli surishtiruv mavjud bo‘lmagan joyda korrupsiya va yashirin iqtisodiyot ildiz otaveradi. "Layk"lar va "prosmotr"lar ketidan quvish davrida soxta sensatsiyalar (fake news), manipulyatsiya va kontekstni buzib ko‘rsatish avj oldi.
Eng achinarlisi, jamiyatning o‘zida ham "axborot gigiyenasi" past darajada bo‘lib qolmoqda. Tizimli, og‘ir va chuqur tahliliy maqolalardan ko‘ra, kimningdir shaxsiy hayoti yoki arzon shov-shuvlari millionlab auditoriyani jalb qilmoqda. Mana shunday virtual tartibsizlik makonida professional jurnalistikaning asl vazifasi yuzaga chiqadi.
Professional jurnalist — shunchaki tayyor xabarni nusxalab tarqatuvchi (copy-paste) ijrochi emas. U axborot oqimini filtrlovchi, faktlarni mantiq va qonun tarozisiga soluvchi, voqeaning sabab va oqibatlarini xolis tahlil qilib beruvchi jamiyat filtridir. Soxta sensatsiyalar zamonida professional matbuotning eng katta boyligi va quroli bu ishonchdir. O‘quvchi shov-shuvli xabarni ijtimoiy tarmoq vahimasida ko‘rganda unga shubha bilan qarashi, ammo professional nashr sahifasida o‘qiganda "bu yerda haqiqat yozilgan" deb ishonishi — matbuotning oliy yutug‘i va bosh maqsadi bo‘lishi kerak.
O‘zbekistonda so‘z erkinligini ta’minlash borasidagi islohotlar o‘z mevasini berib ulgurdi va bu yo‘ldan ortga qaytib bo‘lmaydi. Endigi vazifa miqdordan sifatga o‘tishdir. Matbuot va davlat organlari o‘rtasidagi munosabatlar quruq va balandparvoz deklaratsiyalar bosqichidan o‘tib, haqiqiy amaliy, konstruktiv va prinsipial hamkorlik darajasiga ko‘tarilishi shart. Davlat idoralari OAVni o‘zlariga raqib emas, balki tizimdagi illatlarni ko‘rsatib beruvchi va islohotlarni jadallashtirishga ko‘maklashuvchi asosiy ittifoqchi sifatida qabul qilishlari lozim.
Milliy jurnalistikamiz esa yengil shov-shuvlar, yuzaki reportajlar va ijtimoiy tarmoqlar yaratgan virtual to‘lqinlar ortidan suzib yurishni to‘xtatishi, professional mahorat, chuqur tahlil, mardlik va yuksak fuqarolik mas’uliyati bilan jamiyatning chinakam vijdoniga aylanishi kerak.
Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, adolatli jamiyat va kuchli davlatni faqat va faqat erkin, mas’uliyatli va professional matbuot ko‘magida barpo etish mumkin. Taraqqiyotning, xalqni rozi qilishning boshqa yo‘li yo‘q va bo‘lmaydi ham.
Alouddin G‘afforov,
jurnalist