Jondosh va qondosh xalqning azaliy aloqalari mustahkamlanmoqda
Markaziy Osiyo mintaqasida qadimdan yonma-yon yashab kelayotgan o‘zbek va tojik xalqlari o‘rtasidagi munosabatlar chuqur tarixiy ildizlarga ega.
Ikki qardosh xalqning yaqinligi, madaniy uyg‘unligi va hamjihatligi mamlakatlarning barqaror rivojlanishida muhim omil hisoblanadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan tojik millatiga mansub fuqarolar O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy va madaniy hayotida faol ishtirok etib kelmoqda.
O‘zbekiston Konstitutsiyasida barcha millat va elatlarning teng huquqliligi kafolatlangan bo‘lib, boshqa xalqlar qatorida tojik millatiga mansub aholi uchun ham o‘z tili, madaniyati va urf-odatlarini erkin rivojlantirish imkoniyati yaratilgan. Hozirgi vaqtda yurtimizda 250 dan ortiq tojik tilidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari faoliyat yuritmoqda. Termiz, Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Chirchiq kabi shaharlardagi oliy ta’lim tashkilotlarida tojik guruhlari mavjud bo‘lib, yoshlar o‘z bilim va kasbiy mahoratini oshirib kelmoqda.
O‘zbekistondagi tojiklar orasida ikki tillilik keng tarqalgan. Ular kundalik hayotda o‘zbek va tojik tillaridan birdek foydalanadi. O‘zbekistonda tojik tilida gazeta, radio va televideniye faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, “Ovozi tojik”, “Ovozi Samarqand”, “Xovar” kabi nashrlar tojik tilida chop etilib, aholini dolzarb yangiliklar bilan ta’minlamoqda.
Millatlararo do‘stlikni mustahkamlashda Respublika tojik milliy madaniy markazi alohida o‘rin tutadi. Ushbu markaz tojik tili, adabiyoti va san’atini rivojlantirish, milliy an’analarni asrab-avaylash, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida keng qamrovli ish olib bormoqda.
Jumladan, madaniy festivallar, adabiy uchrashuvlar va ko‘rgazmalar muntazam tashkil etilmoqdaki, bu, xalqlarimiz o‘rtasidagi madaniy almashinuvni yanada kuchaytirish, O‘zbekistonda millatlar totuvligi, hamjihatlik borasida izchil ishlar olib borilayotganini ko‘rsatmoqda.
Tojikiston hududida yashovchi o‘zbeklar aholining salmoqli qismini tashkil qiladi. Hisob-kitoblarga qaraganda, o‘zbeklar mamlakatdagi eng yirik etnik guruh hisoblanadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli yangi bosqichga ko‘tarildi. Chegara masalalari hal etildi. Savdo-sotiq va transport yo‘laklari kengaydi. Ochiq chegara rejimi joriy etildi. Ikki tomonlama savdo aylanmasi yildan-yilga o‘sib bormoqda. Sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Madaniy va ta’lim hamkorligi ham izchil rivojlanmoqda.
Ushbu sa’y-harakatlar ikki xalqning azaliy aloqalari yanada mustahkamlanishiga yangicha ruhiyat bag‘ishladi.
O‘zbek va tojik xalqlarining umumiy tarixi, qadriyatlardagi hamjihatlik mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga davlat tashrifi bu birodarlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va yakdillik kelgusida yanada rivojlanib, farovon hayot va barqaror taraqqiyotga xizmat qilishi muqarrar.
Ismoiljon Xo‘jaxonov,
O‘zbekiston milliy universiteti ilmiy xodimi
O‘zA