Beshariqda IT shaharchasi ish boshladi (+video)
Bahorning shukuhli kunlarida Beshariq tumani yoshlariga ajoyib sovg‘a topshirildi. Endi ularning ham IT shaharchasi bor. Uning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqanlar davlatning yoshlar istiqbolini ta’minlashga qaratilgan dasturlarini ma’qullab,minnatdorchilik bildirdilar. Barcha qulayliklarga ega ko‘rkam bino, bilim olish uchun zarur shart-sharoitlar, yuqori malakali murabbiy va o‘qituvchilar yoshlar xizmatida.
- Markazda kompyuter grafikasi, dasturlash, sun’iy intellekt bo‘yicha mashg‘ulot olib boramiz, - deydi o‘qituvchi Gulnigor Nuriddinova. – Bundan tashqari,robototexnika yo‘nalishida xam faoliyat olib boriladi.
- Tumanda ikkita IT Park faoliyatini yo‘lga qo‘ydik, - deydi hokim maslahatchisi Usmonjon Dehqonov. – Yana startapchilar klubini tashkil etdik. O‘n nafar startapchi yoshlar tayyorladik. Dasturlovchilar yetishtiryapmiz. Ular loyihalarini sotib tadbirkorlik bilan ham shug‘ullana boshladilar.

IT shaharchasida dasturlash, kompyuter savodxonligi, veb va grafik dizayn, robototexnika, sun’iy intellekt hamda raqamli innovatsiyalar kabi istiqbolli yo‘nalishlarda ta’lim yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa yoshlarning yuqori daromadli va raqobatbardosh kasblarni egallashida muhim ahamiyatga ega.
IT Park loyihasiga 540 million so‘m yo‘naltirildi. Markazda yiliga 500 nafar o‘quvchi zamonaviy kasblarga o‘qitilishi rejalashtirilgan.
IT shaharchasida yana bir o‘quv maskani — ICO SOFT dasturiy ta’minot va raqamli loyihalar markaziy binosi tantanali ravishda ochildi. Bu yerda yoshlar startap loyihalarni tayyorlaydilar, ularni sotib daromad ko‘radilar. Buyurtmachilar talabiga ko‘ra yangi-yangi loyihalarni yaratadilar.

Bu ishlarda beshariqlik yoshlarga Amerikaning nufuzli dasturlovchi kompaniyalari yordam bermoqchi.
- “SILK ROAD professional IT”kompaniyasi bilan hamkorlikni boshladik. Ular Beshariqda o‘z bo‘limini ochishiga kelishib oldik, - deydi Usmonjon Dehqonov. – Maqsadimiz faqat o‘quv emas, IT chi yoshlar real daromad olishini yo‘lga qo‘yishdir.

- Biz Farg‘ona shahrida ish boshlagan edik. Mana endi Beshariqda ham yoshlar uchun IT Park ochilgan ekan, ular bilan hamkorlik qilamiz. Avvalo, ularga xaridorgir loyiha ishlab chiqarishni o‘rgatamiz. So‘ng ularni Amerika kompaniyalariga taklif etamiz. O‘ylaymanki, Beshariq IT Park yoshlari bunga qodir va muvaffaqiyat qozonadi, - deydi “SILK ROAD professional “ kompaniyasi menejeri Duyenskros Kel.
Beshariq sanoat, qishloq xo‘jaligidagi yuksak natijalari bilan nom chiqargan edi. Endigi navbat uning IT chi yoshlariga.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/NF4MTQ5dfYs" title="Beshariqda IT shaharchasi ish boshladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muxammadjon Obidov,
Elyor Olimov( video, surat), O‘zA