Sun’iy intellekt iqtisodiyot va turli sohalar rivojiga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?
Bugungi kunda dunyo miqyosida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt jadal sur’atlarda rivojlanib, iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarida tub o‘zgarishlarni yuzaga keltirmoqda. Ayniqsa, telekommunikatsiya, sanoat, davlat boshqaruvi, ta’lim, tibbiyot va moliya sohalarida intellektual yechimlarni joriy etish samaradorlikni oshirish, xizmatlar sifatini yaxshilash hamda yangi rivojlanish imkoniyatlarini yaratishda muhim ahamiyatga ega.
Shu nuqtai nazardan, zamonaviy AKT infratuzilmasini mustahkamlash va sun’iy intellektga asoslangan innovatsion yechimlarni tatbiq etish dolzarb vazifalardan biriga aylanmoqda.
“Huawei” kompaniyasining O‘zbekistondagi ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar bo‘yicha menejeri Aleksandra Nabiyeva bu haqda quyidagilarni ta’kidladi:

– Intellektual texnologiyalar davri yaqinlashmoqda. AI agentlar mobil ilovalardan tortib aqlli uylar, intellektual transport va iqtisodiyot tarmoqlarigacha bo‘lgan sohalarni tubdan o‘zgartirmoqda. Bu esa yuqori tezlikdagi aloqa va katta hisoblash resurslariga tayangan ishonchli AKT infratuzilmasini shakllantirishni talab qiladi.
Shu maqsadda 2026-yil 20-24-aprel kunlari kompaniya ofisida an’anaviy “Digital Week 2026” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbir telekommunikatsiya, davlat sektorini raqamlashtirish, sanoat va ijtimoiy sohalar uchun eng so‘nggi innovatsion yechimlarga bag‘ishlandi. Hafta davomida “Advancing All Intelligence” mavzusida aloqa operatorlari, internet provayderlari, davlat muassasalari mutaxassislari hamda OAV vakillari uchun tanishtiruv turlari tashkil etildi.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonda raqamli transformatsiya sur’atlari tezlashayotgani inobatga olinib, tadbir doirasida AKT sohasidagi asosiy tendensiyalar, AI-markazlashgan arxitekturaga ega tarmoqlar uchun ilg‘or yechimlar hamda intellektual tarmoqlarni qurish bo‘yicha amaliyotlar taqdim etildi. Ushbu yechimlar ilk bor 2026-yil mart oyida Barselona shahrida bo‘lib o‘tgan Butunjahon mobil kongressida namoyish etilgan edi. Biz telekommunikatsiya sohasi uchun AI-markazlashgan tarmoqlar, hisoblash quvvatlarini rivojlantirish va optik infratuzilmani takomillashtirish masalalarini muhokama qildik.
“AI-Centric Network” yechimlari tarmoq jarayonlarini avtomatlashtirish va xizmatlar sifatini oshirish imkonini beradi. Bu yondashuv operatorlarga samaradorlikni oshirish, tarmoq sifatini yaxshilash va yangi daromad manbalarini yaratadi.
Haftalikda media sohasi vakillari ma’lumotlarni saqlash tizimlari, tarmoq yechimlari va kiberxavfsizlik texnologiyalari bilan tanishtirildi. Shuningdek, OAV uchun alohida sessiyada kompaniyaning 2025-yildagi faoliyati natijalari taqdim etildi.
Taqdimotda kompaniyamizning ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari, investitsiya siyosatiga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 2025-yilda R&D xarajatlari yillik daromadning 21,8 foizini tashkil etdi. Shu bilan birga, mahalliy hamkorlik ekotizimini rivojlantirish va ta’lim dasturlarini qo‘llab-quvvatlashga doir tashabbuslar amalga oshirildi.
Rejalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekiston xalqaro texnologik kompaniyalar uchun qulay markazga aylanayotgani sababli 2026-yildan mamlakat Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy xab sifatida belgilandi. Ta’lim sohasida kompaniya “ICT Academy” asosida 20 ta universitetda faoliyat olib borib, talabalarga xalqaro sertifikat olish va “ICT Competition” musobaqasida ishtirok etish imkoniyatini yaratib bermoqda. Shuningdek, 2026-yil iyun oyida O‘zbekistondan ikki jamoa Xitoyda bo‘lib o‘tadigan global finalda ishtirok etishi rejalashtirilgan.
Kompaniya sun’iy intellekt yo‘nalishidagi milliy ta’lim tashabbuslarini ham qo‘llab-quvvatlamoqda. Aileaders.uz platformasida AI, bulutli texnologiyalar va Big Data bo‘yicha kurslar ochiq foydalanish uchun joylashtirilgan bo‘lib, 2026-yil aprel oyidan ayrim kurslar o‘zbek tilida ham taqdim etiladi. Kelgusida esa raqamli ta’limni yanada kengaytirish, universitetlar bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda sun’iy intellekt sohasida kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish tufayli O‘zbekistonning global raqamli bozordagi o‘rnini kuchaytirish maqsad qilingan.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.