Jahon kubogi musobaqasi g‘olib va sovrindorlari tantanali kutib olindi
Joriy yilning 19–27-aprel kunlari Misr poytaxti Qohirada o‘q otish sporti bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Jahon kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilar 1 tadan oltin, kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.
Mazkur nufuzli musobaqada o‘q otish bo‘yicha 12 nafar delegatsiya a’zolari (2 nafar trener, 10 nafar sportchi) ishtirok etdi.

Jahon kubogining ilk kunidayoq yurtimiz sportchilari munosib natijalarni qayd etdi. 10 metr masofaga to‘pponchadan otish bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, Mudofaa vazirligi Sport markazi sportchisi, kichik serjant Sodiqjon Abdullayev yuksak mahorat va qat’iyat namoyon etib, terma jamoamiz hisobiga ilk — kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Shundan so‘ng, 10 metr masofaga pnevmatik miltiqdan otish bahslarida terma jamoamiz a’zosi Jovohir Soxibov oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Musobaqaning so‘ngi kunlarida pnevmatik miltiqdan 50 metr masofaga 3 xil holatda otish bahslarida terma jamoamiz a’zosi Nikita Sokolov bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Bugun ushbu nufuzli musobaqada yana bir tarixiy natija bilan qaytgan sportchilarimiz Islom Karimov nomidagi xalqaro aeroportda tantanali kutib olindi.


Unda ishtirok etgan Mudofaa vazirligi hamda O‘zbekiston O‘q otish federatsiyasi vakillari sportchilarimizni ushbu munosib g‘alabalar bilan samimiy tabriklab, ularning kelgusida yanada yuksak marralarni zabt etishlariga tilak bildirishdi.
O‘zA