Imkoniyat va matonat bayrami
Yurtimizda so‘nggi yillarda sport sohasini rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarni jismoniy tarbiya va sportga jalb etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda inklyuziv jamiyatni shakllantirish, har bir fuqaro uchun teng imkoniyat yaratish, paralimpiya harakatini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada joylarda o‘tkazilayotgan ommaviy sport tadbirlari inson qadrini ulug‘lash, yoshlar va aholining barcha qatlamlarini sportga jalb etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri Buxoro viloyati Olot tumani sport maktabida “Besh tashabbus paralimpiyadasi”ning tuman bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi. Mazkur musobaqa nogironligi bo‘lgan shaxslarning jismoniy faolligini oshirish, ularni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish, sport orqali ijtimoiy hayotdagi faolligini kuchaytirishga xizmat qildi.
Tadbirda ishtirokchilar jami 13 ta sport turi bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Har bir yo‘nalishda qatnashchilar yuksak iroda, kuch-g‘ayrat va mahoratini namoyon etib, musobaqalarga haqiqiy sport bayrami ruhini bag‘ishladi. Bellashuvlar jarayonida sog‘lom raqobat muhiti hukm surdi, ishtirokchilar bir-birini qo‘llab-quvvatlab, o‘zaro hurmat va do‘stlik namunasini ko‘rsatdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tuman bosqichida qatnashish uchun 400 nafardan ortiq ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tib, ularning 250 nafardan ziyodini xotin-qizlar tashkil etdi. Bu esa xotin-qizlar o‘rtasida sportga qiziqish va faollik tobora ortib borayotganini, ular uchun yaratilayotgan imkoniyatlar samara berayotganini ko‘rsatadi.
[gallery-29050]
Bugun mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan insonlarning iqtidorini ro‘yobga chiqarish, ularni jamiyat hayotiga keng jalb etishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga chiqmoqda. Bunday musobaqalar nafaqat g‘oliblarni aniqlaydi, balki inson qalbida ishonch, matonat va hayotga intilish tuyg‘usini mustahkamlaydi.
Olot tumanida o‘tkazilgan “Besh tashabbus paralimpiyadasi” sport musobaqasi inson imkoniyati cheklanmasligini, iroda va intilish bilan har qanday marraga erishish mumkinligini yana bir bor namoyon etdi. Bu kabi tadbirlar jamiyatimizda mehr-oqibat, tenglik va birdamlik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.