Istanbul–Toshkent yo‘nalishida xavfli sumka ushlandi
«Toshkent-Aero» IBK tezkor tuzilmalari hamda Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan navbatdagi tezkor tadbir davomida noodatiy holat fosh etildi.
Istanbul–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozni yakunlab, bojxona nazoratidan «yashil yo‘lak» orqali harakatlangan yo‘lovchi o‘zini bilmagan holda giyohvandlik vositasini olib o‘tishga urinib, aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, parvozdan oldin Turkiyada notanish shaxsning iltimosiga ko‘ra, 35 AQSH dollari evaziga bir sumkani Toshkentga yetkazib berishga rozi bo‘lgan yo‘lovchi uning ichida nimalar borligi bilan qiziqmagan.
Biroq bojxona ko‘rigi jarayonida yuklar orasidagi yong‘oq qadoqlangan paket ichida yong‘oq donalariga o‘xshash holatda yashil-qizg‘ish rangli tabletkalar yashirilgani aniqlandi.
Har biriga «Marvel» yozuvi tushirilgan mazkur tabletkalar soni 598 donani tashkil etib, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular MDMA turidagi sintetik giyohvand modda hisoblanadi.
Ushbu turdagi sintetik narkotiklarning qora bozordagi chakana qiymati 15–20 ming AQSH dollarigacha yetishi mumkinligi qayd etilmoqda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA