Insonparvarlik – yuksak qadriyat
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati mamlakatimizdagi yirik gumanitar jamoat tashkilotlaridan biri sifatida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, favqulodda vaziyatlarda jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish hamda insonparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish borasida samarali faoliyat yuritmoqda.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Qizil Yarim Oy jamiyati Markaziy Osiyo davlatlari milliy jamiyatlari orasida birinchi bo‘lib Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlari Xalqaro federatsiyasi a’zoligiga qabul qilingan. Bugungi kunda mazkur federatsiya dunyoning 190 ta mamlakat milliy jamiyatlarini birlashtirib, insonparvarlik yo‘lida faoliyat olib bormoqda.
[gallery-29487]
Jumladan, Qizil Yarim Oy jamiyatining Andijon viloyati tashkilotlari tomonidan yakka-yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari va ijtimoiy yordamlar yetkazildi. Bu kabi ezgu ishlar jamiyatda mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, jamiyatning viloyat tashkiloti xodimlari hamda tuman bo‘limlari ijrochi direktorlari ishtirokida seminar-trening tashkil etildi. Unda tashkilotning ichki imkoniyatlarini tahlil qilish, faoliyat samaradorligini oshirish va insonparvarlik yo‘nalishidagi ishlar sifatini yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Seminar davomida tashkilot faoliyatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olinib, kelgusi faoliyat bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqildi.
Darhaqiqat, insonparvarlik, saxovat va mehr-oqibat kabi ezgu qadriyatlarni targ‘ib etishda Qizil Yarim Oy jamiyatining o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.
Zuhriddin UMURZOQOV(surat),O‘zA