Pedagogik innovatsiyalar va didaktik o‘yinlar festivali o‘tkazildi
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyati Angor tumanida maktabgacha ta’lim tizimida zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish hamda pedagoglarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘yinga asoslangan ta’lim: pedagogik innovatsiyalar va didaktik o‘yinlar festivali” tashkil etildi.
Festivalda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari ishtirok etib, ta’lim jarayonida o‘yin metodikasining samaradorligini oshirish, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish va didaktik materiallar yaratish borasidagi tajribasini namoyish etdi. Tadbir pedagoglarning ijodiy imkoniyatlarini rivojlantirish, o‘yin orqali ta’lim berish metodikasini keng ommalashtirish hamda “Ilk qadam” milliy o‘quv dasturi asosida ilg‘or tajribalarni joriy etish maqsadiga qaratildi.
[gallery-29488]
Ishtirokchi jamoalar qisqa vaqt ichida bolalarning yosh xususiyatlari va psixologik jihatlarini inobatga olgan holda qiziqarli, xavfsiz va rivojlantiruvchi didaktik o‘yinlar yaratib, hakamlar hay’atiga taqdim etdi. Ushbu ishlarda ta’lim va o‘yinni uyg‘unlashtirish, bolalarning fikrlash doirasini kengaytirishga qaratilgan yangi g‘oyalar hamda ijodiy yondashuvlar o‘z aksini topdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, tumandagi 5-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining “Zukko tarbiyachilar” jamoasi birinchi, 11-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining “Ijodkorlar” jamoasi ikkinchi, 2-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining “Aqlvoy” jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘olib va faol ishtirokchilar munosib taqdirlandi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA