Inklyuziv ta’lim samaradorligi yo‘lida
Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqining “O‘zbekistonda alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim” loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi.
Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqining “O‘zbekistonda alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim” loyihasini amalga oshirishga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazildi.Unda Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi vakillari hamda Samarqand viloyati xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, moliya boshqarmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari xodimlari ishtirok etdi.
Anjumanda mamlakatimizda alohida ehtiyojli bolalarni ijtimoiy muhofaza qilish, ularga tibbiy, psixologik, pedagogik yordam ko‘rsatishning huquqiy asoslari yaratilgani va bu borada tegishli dasturlar asosida ish olib borilayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz mustaqillikka erishgach, ratifikatsiya qilingan dastlabki xalqaro hujjatlardan biri Bola huquqlari haqidagi konvensiya bo‘ldi. 2004-yilda Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazi tashkil etildi. O‘tgan yillar davomida mazkur markaz tomonidan yurtimizdagi 11 mingdan ortiq, jumladan, besh ming nafar alohida ehtiyojli bolalarga zarur ijtimoiy-tibbiy yordam ko‘rsatildi.
– 2014-2016-yillarga mo‘ljallangan mazkur loyiha doirasida o‘tgan yildan amaliy ishlar boshlangan, – deydi Yevropa Ittifoqining “O‘zbekistonda alohida ehtiyojli bolalar uchun inklyuziv ta’lim” loyihasi rahbari Yurgen Bekker. – Bu loyiha O‘zbekistondagi beshta viloyatda amalga oshirilib, unga 700 ga yaqin bolaning qamrab olinishi rejalashtirilgan. Jumladan, Samarqand viloyati ham loyihaga kiritilgan. Shu paytgacha mazkur hududlarda resurs-markazlar tashkil etilib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Ushbu resurs-markazlarda o‘qituvchilar, ota-onalar inklyuziv ta’lim bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin. Loyihada har bir viloyatdan uchtadan umumta’lim maktabi hamda maktabgacha ta’lim muassasasi qamrab olingan.
Anjumanda inklyuziv ta’limning asosiy tamoyillari, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, kadrlar tayyorlash, inklyuziv ta’limning huquqiy asoslari kabi masalalar bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi. Loyihaning xalqaro ekspertlari inklyuziv ta’lim sohasidagi chet el tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. O‘zbekistonda amalga oshiriladigan faoliyatning maqsad va vazifalari bayon etildi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar Samarqand shahridagi 17-umumta’lim maktabida mazkur loyiha doirasida tashkil etilgan resurs-markazning ochilish marosimida qatnashdi. Respublika bolalar ijtimoiy moslashuvi markazining Samarqand hududiy filiali faoliyati bilan tanishdi.