Har bir daraxt – nafas olish uchun toza havo, har bir ko‘chat – kelajak uchun qo‘shilgan qiymat
Energetika vazirligi va yoqilg‘i-energetika tarmog‘idagi barcha tizim tashkilotlari respublika hududlarida ekologik barqarorlikni ta’minlash va atmosfera havosi tarkibini yaxshilash bo‘yicha tizimli ishlar olib bormoqda.
Xususan, mazkur tashkilotlar tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amaliy tadbirlar muntazam olib borilmoqda.
Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Dildora Hoshimovaning ta’kidlashicha, bahor mavsumida respublika bo‘ylab 205 578 tup meva va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
– Ushbu loyiha nafaqat havo sifatini yaxshilashga, balki atrof-muhitni muhofaza qilishga ham xizmat qiladi. Biz sanoat korxonalari atrofida “yashil belbog‘”lar yaratish natijasida ekologik muvozanatni saqlashga harakat qilayapmiz. Loyihaning asosiy maqsadi aholi va kelajak avlod uchun toza va sog‘lom muhit yaratish, hamda barqaror rivojlanishni ta’minlashdir. Shu bilan birga, bu tadbirlar mamlakatning “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasiga ham munosib hissa qo‘shmoqda. Biz nafaqat daraxt ekyapmiz, balki aholi orasida ekologik tarbiyani kuchaytirishga ham e’tibor qaratyapmiz. Har bir daraxt – nafas olish uchun toza havo, har bir ko‘chat – kelajak uchun qo‘shilgan qiymat. Shuning uchun bu kabi loyihalarni kengaytirish va barcha hududlarga tatbiq etish orqali mamlakatimizning ekologik salohiyatini yanada mustahkamlaymiz, – dedi Dildora Hoshimova.
Ta’kidlash kerakki, “Yashil makon” loyihasi nafaqat bahor mavsumidagi ko‘chatlar ekish tadbirlari, balki uzoq muddatli ekologik barqarorlik va aholi farovonligiga xizmat qiladigan tizimli ishlardir.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA