O‘zbekiston va Chexiya munosabatlariga yangi amaliy mazmun bag‘ishlagan tashrif
30-aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babishning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi yakunlandi. Ko‘ksaroy qarorgohida tor va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlar yakunida Keng ko‘lamli hamkorlikni ilgari surish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiya hamda iqtisodiy, sanoat, ilmiy-texnologik hamkorlik, shuningdek, diplomatik kadrlar tayyorlash, geologiya, metrologiya va elektropoyezdlarni yetkazib berish sohalarida hamkorlik to‘g‘risida ikki tomonlama bitimlar to‘plami imzolandi.
Ta’kidlash joizki, bu Chexiya bosh vazirining O‘zbekistonga ikkinchi tashrifidir. 2023-yil aprel oyida Petr Fiala Toshkentga tashrif buyurgan bo‘lsa, o‘sha yilning oktabr oyida Bosh vazir Abdulla Aripov Pragaga javob tashrifi bilan borib, Chexiya Prezidenti Petr Pavel bilan uchrashdi va Kengaytirilgan hamkorlik to‘g‘risidagi davlatlararo deklaratsiyani imzoladi. 2025-yil sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi doirasida prezidentlar Sh.Mirziyoyev va P.Pavel ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazib, investitsiyalar, innovatsiyalar, transport va qishloq xo‘jaligi sohalarida aniq loyihalarni muhokama qildilar. Oliy darajadagi aloqalarning bunday jadalligi xalqaro diplomatiyada kamdan kam uchraydigan hodisadir. Bu esa har ikki tomon o‘zaro munosabatlarga shunchaki bayonnoma emas, balki real siyosiy ustuvorlik sifatida qarayotganidan dalolat beradi.
Bu galgi O‘zbekiston-Chexiya muzokaralarining kun tartibi nihoyatda boy bo‘lib, har biri alohida ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan bir necha muhim yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Birinchisi – savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish. So‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki baravarga oshdi va bu o‘z-o‘zidan salmoqli natijadir. Shunga qaramay, tomonlar erishilgan ko‘rsatkichlar mavjud salohiyatni aks ettirishini, biroq uni to‘liq ochib bera olmasligini tan oladilar.
Shu munosabat bilan o‘zaro savdo hajmini, jumladan, mahsulot turlarini kengaytirish hisobiga 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Chexiya kapitali ishtirokida 37 ta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda va bu hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam ishlab chiqarish asosini yaratmoqda.
Iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya ushbu jarayonni tartibga soluvchi hamda o‘zaro hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ochib beruvchi asosiy mexanizm bo‘lib xizmat qiladi. Komissiya shu yillar davomida o‘nta yig‘ilish o‘tkazgan bo‘lib, ularning so‘nggisi 2025-yil mart oyida Pragada bo‘lib o‘tgan.
Savdoni yanada rag‘batlantirish maqsadida Chexiyada O‘zbekistonning birinchi sertifikatlashtirish filiali tashkil etilmoqda, shu bilan birga Yevro-6 standartidagi avtomobillarni sertifikatlashtirish laboratoriyasi va kvant etaloni – infratuzilma obektlari qurilishi davom etmoqda, ularsiz o‘zbek mahsulotlarining Yevropa bozorlariga to‘laqonli kirishi sezilarli darajada qiyin bo‘lardi.
Shu bilan birga, Chexiyaning yetakchi kompaniyalari bilan mashinasozlik, “yashil” energetika, geologiya va o‘ta muhim xomashyo, kimyo va farmatsevtika sohalarini qamrab olgan Texnologik kooperatsiya dasturini tayyorlashga kelishib olindi. Bundan tashqari, Eksport kreditlarini sug‘urtalash agentligi va Chexiya Eksport banki qo‘shma loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash niyatini tasdiqladi. Butun iqtisodiy kun tartibini muvofiqlashtirish uchun Ishbilarmonlar kengashini tashkil etishga qaror qilindi, joriy yil avgust oyida esa Toshkentda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Kuni kecha ikki mamlakat hukumatlari rahbarlari ishtirokida o‘tgan O‘zbekiston-Chexiya biznes-forumi ikki tomonlama kun tartibini aniq mazmun bilan boyitish uchun amaliy maydon bo‘ldi. 200 dan ortiq ishtirokchi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning yalpi ichki mahsuloti 2025-yilda 145 milliard dollardan oshgani – bu ko‘rsatkich xorijiy investorlar nazarida mamlakat haqidagi tasavvurni tubdan o‘zgartirayotgani alohida ta’kidlandi.
Natijada, Chexiya kompaniyalari O‘zbekistonni Markaziy Osiyo mamlakatlari bozorlariga chiqish uchun strategik maydon sifatida tobora ko‘proq ko‘rib chiqmoqda. Dinamik o‘sish, yosh aholi va geografik joylashuvning noyob uyg‘unligi respublikani Yevroosiyo hududidagi eng jozibador markazlardan biriga aylantirmoqda.
Forum yakunlari bo‘yicha mashinasozlik, infratuzilmani modernizatsiya qilish va ta’lim sohalarida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar to‘plami imzolandi, shuningdek, Chexiya eksport banki va EGAP korporatsiyasi bilan yuqori texnologik loyihalar uchun imtiyozli kreditlash va risklarni sug‘urtalashni nazarda tutuvchi o‘zaro hamkorlik mexanizmlari mustahkamlandi.
Ikkinchisi – transport sohasidagi yuqori texnologiyali kooperatsiya bo‘lib, uning ramzi sifatida “Škoda Group”ning dastlabki 10 ta elektropoyezdini yetkazib berish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma imzolanganini aytish mumkin. Shuni ta’kidlash joizki, loyiha istiqbollari shunchaki texnika yetkazib berish bilangina cheklanib qolmaydi. Kelgusida harakatlanuvchi tarkibni butun xizmat muddati davomida mahalliy sharoitda yig‘ish va unga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma korxona, shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash uchun “Škoda” akademiyasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shu nuqtayi nazardan, Škoda Group rahbari Petr Novotniy O‘zbekistonni Yevropadan tashqaridagi “birinchi raqamli nishon” deb biladi va bu yerda erishilgan natijalar kompaniyaga butun Markaziy Osiyo bozorlariga yo‘l ochishiga ishonadi. O‘z navbatida, bu O‘zbekiston uchun shunchaki texnik tarkibni yangilash emas, balki Yevropa ishlab chiqarish zanjirlariga integratsiyalashish va o‘z texnologik salohiyatini shakllantirish imkoniyatidir.
Uchinchisi – ta’lim, fan va madaniy-gumanitar aloqalar sohasidagi hamkorlik. Ushbu segmentda O‘zbekiston–Chexiya hamkorligi eng chuqur ildizlarga va eng barqaror kelajakka ega. Chexiya universitetlaridagi o‘zbekistonlik talabalar soni 2020-yildagi taxminan 350 nafardan bugungi kunga kelib 600–700 nafarga yetdi, asosan texnik, iqtisodiy, qishloq xo‘jaligi va IT sohalarida tahsil olmoqda. Chexiya hukumati tomonidan har yili O‘zbekiston fuqarolari uchun stipendiyalar ajratilishi qo‘shimcha rag‘bat bo‘lib xizmat qilmoqda.
Universitetlararo darajada to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar yo‘lga qo‘yilgani alohida e’tiborga loyiq. O‘zbekiston Milliy universiteti Komenskiy nomidagi universitet va Chexiya agrotexnika universiteti bilan, Toshkent tibbiyot akademiyasi Karl universitetining Birinchi tibbiyot fakulteti bilan, boshqa bir qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari esa Brnodagi Mendel universiteti bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Joriy muzokaralar yakunida akademik almashinuvlarni, jumladan, qo‘shma diplom dasturlarini yanada kengaytirishdan o‘zaro manfaatdorlik tasdiqlandi. Bu esa har ikki mamlakat talabalari uchun mutlaqo yangi karera imkoniyatlarini ochib beradi.
Shu bilan birga, ikki tomonlama aloqalarning ilmiy-arxeologik o‘lchovini ham ta’kidlashni istardim. 2003-yildan buyon Termiz davlat universiteti Praganing Karl universiteti bilan hamkorlikda Surxondaryo viloyatida ekspeditsiya olib bormoqda. O‘tgan yigirma yil ichida ilgari noma’lum bo‘lgan bronza davriga oid to‘qqizta va ilk temir davriga oid o‘n to‘rtta yodgorlik topildi, bir necha tuman yodgorliklarining xarita va pasportlari tuzildi. Bu hamkorlik hukumatlar almashinuvi va o‘zgaruvchan konyunkturaga qaramay davom etmoqda.
Toshkent va Praga o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarni qayta tiklash masalasini ishlab chiqish ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu bir qarashda faqat logistika bo‘lib tuyulsa-da, aslida sayyohlik va ishbilarmonlik, shuningdek, akademik aloqalar uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
O‘zbekiston va Chexiya mehnat bozorlaridagi chuqur sifat o‘zgarishlarini aks ettiruvchi mehnat migratsiyasi sohasidagi tizimli hamkorlik istiqbollari ham birinchi o‘ringa chiqmoqda.
Umuman, tashrif yakunlariga baho berar ekanmiz, O‘zbekiston – Chexiya munosabatlari sifat jihatidan yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ymoqda, deb ishonch bilan aytish mumkin. Aniq iqtisodiy tashabbuslar, texnologik kelishuvlar va institutsional mexanizmlar bilan mustahkamlangan oliy darajadagi faol muloqot uzoq muddatli strategik sheriklik uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.
Erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni rivojlantirish va inson kapitalini mustahkamlash uchun keng istiqbollar ochadi. Chexiya uchun esa O‘zbekiston nafaqat savdo sherigi, balki Yevroosiyoning eng jadal rivojlanayotgan mintaqalaridan biridagi ishonchli tayanch nuqtasiga ham aylanmoqda.
Baxtiyor Mustafoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining o‘rinbosari