"Haj-2026" mavsumi uchun yangi va qat’iy qoidalar e’lon qilindi
2026-yilgi Haj mavsumiga tayyorgarlik jarayonida Saudiya Arabistoni Makkaga kirish tartibini keskin kuchaytirdi. Bu qadam millionlab ziyoratchilar uchun nimani anglatadi va kimga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
2026-yil Haj mavsumi may oyining oxirgi o‘n kunligiga to‘g‘ri kelishi kutilyapti, Muqaddas Qurbon hayiti taxminan 26-27-may kunlari nishonlanishi mumkin. Shu munosabat bilan Saudiya Arabistoni hukumati Makka shahrida xavfsizlikni ta’minlash va ziyoratchilar oqimini tartibga solish maqsadida qat’iy choralar e’lon qildi. Xususan, 13-apreldan boshlab shaharga kirish cheklanib, endilikda faqat rasmiy Haj ruxsatnomasi, Makkada yashash guvohnomasi yoki ishlash ruxsatnomasiga ega shaxslargina kiritilmoqda.
Umra vizasi bilan kelgan sayyohlar esa 18-aprelga qadar mamlakatni tark etishi shart. Aksincha holat qonunbuzarlik sifatida baholanadi.
O‘zbekiston uchun joriy yil 15 000 o‘rin ajratilgan bo‘lib, Had safari faqat rasmiy tartibda, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita nazorati ostida tashkil qilinadi.
Saudiya Ichki ishlar vazirligi ruxsatnomasiz ziyorat qilishga urinayotganlarga nisbatan ayovsiz jazo belgilagan: qoidani buzgan kishi 5 300 dollar, unga ko‘maklashgan yoki kuzatib borgan jismoniy yoki yuridik shaxsga esa 26 000 dollargacha jarima to‘laydi. Shuningdek, noqonuniy ziyoratchi deportatsiya qilinib, 10 yil Saudiyaga kirish huquqidan mahrum etiladi.
Hozir ushbu yirik mavsumga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Ka’batullohda rejali ta’mirlash ishlari olib borilyapti. Ushbu jarayonda muqaddas uyning metall qurilmalari, g‘ishtlari va burchaklari tozalanib, Ka’ba yopinchig‘i – Kisva mustahkamlanadi, poydevor qismi tartibga keltiriladi. Ayni chora-tadbirlar millionlab musulmonlar xavfsiz, tinch ravishda ibodat qilishini ta’minlashga qaratilgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA