Germaniya va Isroil munosabatlarida keskinlik yuzaga keldi (+video)
Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrich Germaniya kansleri Fridrix Mersni qattiq tanqid qildi. U “Siz bizni yana gettoda yashashga majbur qila olmaysiz”, deb bayonot berdi. Bu gaplar Germaniya va Isroil o‘rtasida yangi diplomatik keskinlikni keltirib chiqardi, deb xabar berdi DW nashri.
Mojaro 13-aprel kuni Mersning Isroil bosh vaziri Netanyahu bilan telefon suhbatidan keyin boshlangan. Suhbatda Germaniya tomoni Iordan daryosining g‘arbiy qismi, ya’ni Falastin bilan bog‘liq G‘arbiy sohil hududlarini qo‘shib olish, ya’ni anneksiya qilishga qarshi ekanini bildirdi.
Germaniyaning bu pozitsiyasi yangi emas. Berlin uzoq yillardan beri Yaqin Sharq muammosi faqat ikki davlat, Isroil va mustaqil Falastin davlatini tuzish orqali hal qilinishi kerak, degan qarashni qo‘llab-quvvatlab keladi. Isroil esa bu yondashuvga qarshi.
Germaniyaning bu bayonotidan keyin Isroil tomoni keskin munosabat bildirdi. Moliya vaziri Smotrich Mersga javoban, “Janob Kansler, nemislar yahudiylarga qayerda yashash mumkin va qayerda mumkin emasligini ko‘rsatadigan davrlar o‘tib ketdi”, deb yozdi.
Bunga Netanyahu hali fikr bildirmagan bo‘lsada, Isroilning Germaniyadagi elchisi Ron Prosor Betsalel Smotrichning so‘zlarini keskin tanqid qildi va “Mers Isroilning haqiqiy do‘sti” deb atadi.
Bu voqea ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda sovib borayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Ilgari Germaniya va Isroil juda yaqin hamkor bo‘lgan. Masalan, Angela Merkel davrida Germaniya davlati Isroil xavfsizligini o‘z davlat siyosatining muhim qismi deb bilardi.
Hozir esa vaziyat o‘zgargan, ya’ni Germaniya Isroilning G‘arb sohilidagi yangi aholi punktlari qurilishini xalqaro huquqqa zid deb hisoblaydi. Isroil esa Falastin davlatini tuzish g‘oyasini rad etmoqda.
Shu bilan birga, G‘azo atrofidagi urush va harbiy harakatlar ham ikki tomon o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni kuchaytirmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, Isroil hukumati tashqi tanqidlarga qaramasdan o‘z siyosatini davom ettirmoqda, bu esa uning yaqin ittifoqchilari bilan ham munosabatlarini murakkablashtirmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Smotrichning bayonoti shunchaki siyosiy janjal emas, balki Germaniya va Isroil o‘rtasida yig‘ilib kelayotgan katta ziddiyatlarning ochiq ko‘rinishidir.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/nZ79K8L8zsE" title="Germaniya va Isroil munosabatlarida keskinlik yuzaga keldi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA