Giyohvandlikka qarshi kurashishda sportning alohida o‘rni bor
26-iyun — Xalqaro giyohvandlikka qarshi kurashish kuni munosabati bilan O‘zbekiston davlat sport akademiyasi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport ilmiy-tadqiqotlar institutida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, zararli odatlar profilaktikasi hamda huquqiy ongni mustahkamlashga qaratilgan profilaktik-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2025-yil 3-noyabrda imzolangan “Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash hamda ushbu yo‘nalishda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida o‘tkazilgan tadbir davomida ishtirokchilarga giyohvandlik vositalarining inson organizmiga salbiy ta’siri, yoshlar tarbiyasi va jamiyat barqarorligiga tug‘diradigan xavf-xatarlar, oilaviy qadriyatlarning qadrsizlanishiga hamda kelajak avlod salomatligiga ko‘rsatadigan salbiy oqibatlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, yoshlarni turli zararli illatlardan asrash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda sog‘lom avlodni tarbiyalashda sportning strategik ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Institut jamoasi tomonidan yoshlarni zararli odatlardan himoya qilish, sog‘lom turmush madaniyatini qaror toptirish hamda profilaktik targ‘ibot tadbirlarini tizimli ravishda davom ettirish ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA