Bir o‘ringa 243 talabgor
Bugundan mamlakatimizdagi Prezident maktablari hamda ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari boshlandi.
Jumladan, Samarqand shahridagi Prezident maktabiga o‘qishga kirish uchun bu yil 5850 nafar 4-sinf bitiruvchilari hujjat topshirgan bo‘lib, bugun ular 13 ta katta sig‘imli binolarda test sinovi topshirmoqda. Mazkur binolarda o‘quvchilar uchun barcha qulayliklar yaratildi. Binolar atrofida esa ota-onalar uchun kutish joylari, jarayonni onlayn kuzatish uchun ekranlar tashkil etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yil yurtimizdagi Prezident maktablariga o‘qish uchun har yilgidan ko‘p 60169 ta ariza topshirilgan bo‘lib, bir o‘ringa o‘rtacha 179 nafar talabgor to‘g‘ri kelmoqda. Samarqandda esa bu ko‘rsatkich bir muncha yuqori – bir o‘rin uchun 243 nafar talabgor hujjat topshirgan. Ular bugun dastlabki saralash bosqichida matematikadan 40 ta test savoliga javob bergan bo‘lsa, bu sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar 17-iyul kuni keyingi bosqichda bilim va iqtidorini namoyon etadi.
Samarqand viloyatida ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi boshqa ta’lim muassasalariga test sinovlari 26-iyun - 3-iyul kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
[photobank-30078]
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari