Gidrometeorologiya xizmati agentligi 14-17-aprel kunlari sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishidan ogohlantirmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati agentligining xabar berishicha, joriy yilning 14-17-aprel kunlari kutilayotgan yomg‘irlar yog‘ishi sababli, respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida, jumladan:
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘, Dehqonobod, Chiroqchi, Kitob, Shahrisabz, Qamashi, G‘uzor tumanlarida;
Surxondaryo viloyati Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy, Denov, Boysun, Sherobod, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot tumanlarida;
Samarqand viloyati Urgut, Samarqand, Bulung‘ur, Nurobod, Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Jomboy, Ishtixon tumanlarida;
Navoiy viloyati Xatirchi, Navbahor, Nurota, Konimex, Karmana tumanlarida;
Jizzax viloyati Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov, Forish, Yangiobod tumanlarida;
Toshkent viloyati Ohangaron, Bo‘stonliq, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yuqori Chirchiq tumanlarida va Angren, Olmaliq shaharlarida;
Namangan viloyati Pop, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Namangan, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida;
Farg‘ona viloyati So‘x, Shohimardon, Farg‘ona, Beshariq tumanlarida;
Andijon viloyati Andijon, Asaka, Jalaquduq, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Izboskan, Xo‘jaobod, Marhamat tumanlarida va Xonabod shahrida sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda istiqomat qiluvchi fuqarolar, dam oluvchilar hamda tog‘li hududlarda harakatlanuvchi haydovchilardan ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari so‘raldi.
Respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli bor, bu esa hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin.
Joriy yilning 14-17-aprel kunlari O‘zbekiston hududiga nam va salqin havo massalari kirib keladi.
14-aprelda O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlarida, 15-17-aprelda respublikaning ko‘pchilik viloyatlarida yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.
Respublikaning baland tog‘li hududlarida yomg‘ir qorga aylanishi kutilmoqda.
O‘zbekiston bo‘yicha ba’zi joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha, ayrim joylarda ba’zida 25-28 m/s gacha kuchayadi, 14-15-aprelda ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
15-17-aprelda kunduzi havo harorati asta-sekin 13-16 darajagacha pasayadi.
O‘zA