Gaz quyish shoxobchalarida xavfsizlikni ta’minlash uchun qanday choralar ko‘rilmoqda?
Yurtimizda xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida sanoat va yong‘in xavfsizligini ta’minlash, avariya hamda favqulodda holatlarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar muntazam olib boriladi.
Navbatdagi shunday tadbirlardan biri “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari (AGTSH) va avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH) mas’ullari ishtirokida tashkil etildi.
“Baxtsiz hodisalar, avariyalar va favqulodda holatlarning oldini olish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, gaz ballonlari bilan bog‘liq xavfsizlik talablari, yong‘in xavfsizligini ta’minlash choralari hamda tabiiy gazdan oqilona foydalanish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Seminarda nazorat tadbirlari natijalari ham tahlil qilinib, ayrim tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan sanoat va yong‘in xavfsizligi talablariga to‘liq rioya etilmayotgani qayd etildi. Mavjud kamchilik va qonunbuzilish holatlari ko‘rib chiqilib, ularni bartaraf etish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.

Ta’kidlanganidek, AGTSH va AGTKSH rahbarlariga xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida ichki nazoratni kuchaytirish, texnologik jarayonlarni amaldagi xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilgan holda tashkil etish hamda baxtsiz hodisalar, avariyalar va favqulodda holatlarning oldini olish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Xususan, gaz ballonli transport vositalariga gaz quyish vaqtida avtomobilning old va orqa kapotlari ochiq bo‘lishi, dvigatel o‘chirilgan holatda turishi hamda gaz balloni bagaj qismida joylashgan transport vositalarida bagaj qopqog‘i ochiq holda yoqilg‘i quyilishi ta’minlanishi zarur.
Shu bilan birga, tadbirda AGTSH va AGTKSHlarda foydalanilayotgan bosim ostida ishlovchi sig‘imlar, suyultirilgan gaz tashuvchi maxsus avtotransport vositalari, ularning sig‘imlari hamda ortiqcha bosimdan himoyalovchi klapanlarni belgilangan muddatlarda texnik ko‘rik va sinovlardan o‘tkazish ustidan doimiy nazoratni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yozgi mavsumda havo haroratining keskin ko‘tarilishi inobatga olinib, suyultirilgan uglevodorod gazini (SUG) sig‘imlarga to‘kish ishlarini xavfsizlik nuqtai nazaridan ertalab soat 06:00 dan 11:00 gacha hamda kechki soat 17:00 dan 20:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida amalga oshirish tavsiya etildi.

Aytish kerakki, bunday nazorat-profilaktika tadbirlari sanoat va yong‘in xavfsizligi madaniyatini yuksaltirish, mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash hamda favqulodda holatlar va avariyalarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA