Yosh hunarmandlar uchun mahorat darslari tashkil etildi
Respublika "Hunarmand" uyushmasi tashabbusi bilan Toshkent shahar usta-hunarmandi Gulnoz Ergasheva tomonidan yosh hunarmandlar uchun quroqchilik yo‘nalishida mahorat darsi bo‘lib o‘tdi.
Yozgi ta’til davrida o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni xalq hunarmandchiligi turlariga keng jalb etish hamda amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan mashg‘ulot davomida ishtirokchilar quroqchilik san’ati bo‘yicha nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ldi.

Shuningdek, usta-hunarmand Rashid To‘xtayev tomonidan miniatyura va rangtasvir yo‘nalishida mahorat darsi o‘tkazildi.

Mazkur mashg‘ulot ham yozgi ta’til davrida yoshlarning ijodiy salohiyatini rivojlantirish, ularni tasviriy san’at turlariga qiziqtirish hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga qaratildi. Mashg‘ulot davomida o‘quvchi-yoshlar miniatyura va rangtasvir yo‘nalishining asosiy texnikalari bilan tanishtirildi.

O‘tkazilgan mahorat darslari yoshlarning ijodiy faolligini oshirish va ularning estetik didini shakllantirishga xizmat qildi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA