Favqulodda vaziyatlar sohasida kadrlar tayyorlash: xavfsizlik va taraqqiyotning yangi bosqichi
Taʼlim va tarbiya jarayonini yangi bosqichga olib chiqish bugungi kunning eng ustuvor vazifalaridan biri boʼlib hisoblanadi. Yurtboshimiz taʼkidlaganlaridek, “Hammamizga ayonki, taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham bu — ilm-fan, taʼlim va tarbiyadir. Ertangi kunimiz, Vatanimizning yorugʼ istiqboli, birinchi navbatda, taʼlim tizimi va farzandlarimizga berayotgan tarbiyamiz bilan chambarchas bogʼliq”. Ushbu soʼzlar taʼlim sohasining qay darajada muhim ahamiyat kasb etishini ifodalaydi.
Oʼzbekistonda Prezident tashabbuslari bilan olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar doirasida respublikamiz aholisi va hududlarini favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilishda ilgʼor xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda ilmiy-texnik yondashuvlar asosida samarali profilaktika va davlat nazoratining yangi mexanizmlarini yoʼlga qoʼyish hamda sohaga zamonaviy raqamli yechimlarni joriy etish boʼyicha milliy tajribani yaratish yuzasidan keng qamrovli va maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda.
Islohotlarning debochasi sifatida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yilning 20-oktabr kunidagi “Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilish sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga koʼtarish toʼgrisida”gi PF-185-son Farmoni, “Favqulodda vaziyatlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʼgʼrisida”gi PQ-310-son hamda “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasini raqamlashtirish hamda ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-311-son Qarorlari qabul qilinib, sohani isloh qilish yuzasidan keng qamrovli chora-tadbirlar belgilab berildi.
Islohotlarning uzviy davomi sifatida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasiga yuqori malakali kadrlar va salohiyatli rahbar xodimlarni tayyorlashning mutlaqo yangi tizimini joriy etish, shuningdek, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion faoliyatni zamon talablariga muvofiqlashtirish maqsadida, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 3-aprel kuni “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi PQ-123-son qarori qabul qilindi. Ushbu qaror asosida Oʼzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, hayot faoliyati xavfsizligini taʼminlash sohalarida yuqori malakali, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar va professional mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashgan oliy harbiy-texnik taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi etib belgilangan boʼlsa, Favqulodda vaziyatlar vazirligining Fuqaro muhofazasi instituti hamda Boshlangʼich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi yuridik shaxs maqomida tegishlicha Akademiya huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti hamda Malaka oshirish markazi etib qayta tashkil etildi. Qaror asosida har bir yuridik shaxsning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari belgilab berildi.
Akademiyaning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari sifatida quyidagilar belgilandi:
- Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, hayot faoliyati xavfsizligini taʼminlash sohalarida yuqori malakali ilmiy kadrlar va professional mutaxassislarni ixtisoslashgan holda tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
- Favqulodda vaziyatlar organlarining ofitserlar tarkibidagi lavozimlariga birinchi marta tayinlangan harbiy xizmatchilarini boshlangʻich kasbiy tayyorgarlik boʻyicha oʻquv dasturlari asosida oʻqitish;
- Favqulodda vaziyatlar davlat tizimiga kiruvchi tashkilotlar, shuningdek, xorijiy davlat idoralarining kadrlarini tayyorlash qamrovini kengaytirish;
- Taʼlim-tarbiya jarayonini ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy taʼlim texnologiyalari asosida tashkil etish, dual taʼlimda nazariya va amaliyotning uzviyligini taʼminlash hamda ochiq axborot-taʼlim muhitining rivojlanishiga koʻmaklashish;
- Tegishli taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari boʻyicha zamonaviy oʻquv-uslubiy bazalar va innovatsion taʼlim texnologiyalarini yaratish;
- Tinglovchi va kursantlar, shuningdek, koʻngilli qutqaruvchi va volontyor yoshlarning bilim olishi va kasb egallashi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish;
- Tinglovchi, kursantlarda vatanparvarlik va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirishning samarali tizimini joriy etish, manfaatlar toʻqnashuvidan xoli va korrupsiyaga murosasiz munosabatda boʻlish immunitetini rivojlantirish;
- Oʻquv va ilmiy loyihalarni amalga oshirishda yetakchi respublika va xorijiy oliy taʼlim hamda ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlik qilish;
- Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, hayot faoliyati xavfsizligini taʼminlash sohalarida fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlar olib borish.
Akademiya huzuridagi Fuqaro muhofazasi institutining asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilandi:
- Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari mansabdor shaxslari va mutaxassislarini aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi hamda safarbarlik tayyorgarligi yoʻnalishida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.
- Aholining barcha qatlamlarini (jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslarni ham) favqulodda vaziyatlarda toʻgʻri harakatlanishga tayyorlash, shu jumladan, milliy elektron platforma orqali ularning malakasini oshirish.
- “Hayot faoliyati xavfsizligi” hududiy oʻquv markazlari faoliyatini ilmiy va oʻquv-uslubiy jihatdan muvofiqlashtirish.
- Respublikadagi barcha taʼlim tashkilotlariga hayot faoliyati xavfsizligi sohasida hamda favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tayyorlashga oid tadbirlarga uslubiy rahbarlik qilish.
- Favqulodda vaziyatlarda jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsatish boʻyicha fuqaro muhofazasi mutaxassislarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish.
Akademiya huzuridagi Malaka oshirish markazining asosiy vazifalari sifatida:
Favqulodda vaziyatlar organlari oddiy askar va serjantlar tarkibining, shuningdek, kasbiylashtirilgan qutqaruvchilarning malakasini oshirish.
Favqulodda vaziyatlar organlarining barcha toifadagi harbiy xizmatchilarini innovatsion axborot va pedagogik texnologiyalarni qoʻllagan holda, shu jumladan, turdosh yoʻnalishdagi respublika oliy taʼlim tashkilotlari bazasida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish.
Vazirlik va idoralarning qutqaruvchilarini begʻaraz va shartnoma asosida, boshlangʻich kasbiy tayyorlash, qayta tayyorlash, shuningdek, ularning malakasini oshirish kabi ustuvor vazifalar belgilab berildi.
Eng eʼtiborli jihati, 2026–2028-yillarda Akademiya boshligʻining ilm-fan, texnologiya, innovatsiya, sunʼiy intellekt masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etilib, unga xorijiy davlatlardan shartnoma asosida ekspert (mutaxassis) menejer jalb etiladi. Bu esa oʻz navbatida aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan ishonchli muhofaza qilishda ilgʻor xorijiy tajribalarni qoʻllash va taʼlim jarayonlarini zamonaviy texnologiyalar asosida olib borish imkoniyati vujudga keladi. Bundan koʻrinadiki, qabul qilingan qaror favqulodda vaziyatlar sohasida tub oʻzgarishlar amalga oshirish uchun zamin boʻlib hisoblanadi. Qarorda belgilangan tadbirlarning amalga oshirilishi bir qator ijobiy natijalarga erishish imkonini beradi. Jumladan:
Favqulodda vaziyatlar sohasida yuqori malakali, zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega mutaxassislar tayyorlash tizimining samaradorligi oshiriladi. Aholi va hududlarning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasi sezilarli darajada yaxshilanadi. Favqulodda vaziyatlarda harakatlanish, tezkor boshqaruv va harakatlarni muvofiqlashtirish mexanizmlari takomillashadi. Natijada favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini kamaytirish imkoniyatlari kengayadi.
Bundan tashqari, ilmiy salohiyatning oshishi yangi innovatsion yechimlar paydo boʻlishiga xizmat qiladi. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali tizim yanada samarali va raqobatbardosh boʻladi.
Xalqaro hamkorlikning kengayishi esa milliy tizimni global standartlarga yaqinlashtiradi va xalqaro maydonda mamlakat nufuzini oshiradi.
Mazkur qaror nafaqat favqulodda vaziyatlar tizimi, balki butun jamiyat uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasining oshishi aholi hayoti va sogʻligʻI, atrof tabiiy muhit, moddiy boyliklarni ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.
Taʼkidlash lozimki, mazkur qaror favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan yangilashga qaratilgan muhim strategik hujjat hisoblanadi. U zamonaviy xavf-xatarlar sharoitida tizim samaradorligini oshirish, professional kadrlar tayyorlash va davlat xavfsizligini taʼminlashda muhim oʻrin tutadi.
Mazkur qaror nafaqat bugungi kun, balki kelajak uchun ham muhim ahamiyatga ega boʻlib, favqulodda vaziyatlar sohasini yangi bosqichga olib chiqadi.
JOʻRABEK BOLIQULOV,
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi katta oʻqituvchisi, t.f.f.d (PhD)