Dunyo uran bozoridagi o‘zgarishlar sharoitida xorijiy investitsiya loyihalarini rivojlantirish zarurati
Ayni payt atom energetikasi sohasida jahon miqyosida barqaror tiklanish jarayoni kuzatilmoqda. Muhim texnologik va ekologik omillar ta’sirida so‘nggi yillarda atom energetikasiga qiziqish sezilarli darajada ortdi. Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) bosh direktori Rafael Grossi qayd etganidek, atom energetikasi bugungi kunda “barcha uchun toza, ishonchli va barqaror energiya manbai” sifatida xalqaro miqyosda yana e’tirof etilmoqda.
Mazkur jarayon, avvalo, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash doirasida ko‘plab davlatlar tomonidan belgilangan «netto-nol» – uglerod muvozanati iqtisodiyotiga o‘tish maqsadi, shuningdek geosiyosiy vaziyat murakkablashuvi sharoitida energetika xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar va strategik qarorlar bilan izohlanadi.
Jahon atom uyushmasi – “World Nuclear Association” – WNA ma’lumotiga ko‘ra, ayni payt dunyo bo‘ylab faoliyat ko‘rsatayotgan taxminan 440 atom energetikasi tomonidan 2024-yil jami 2667 TVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan va bu miqdor yer yuzidagi ehtiyojning bor-yo‘g‘i 9 foizini qoplagan.
Shu bilan birga, hozir turli davlatlarda 70 ga yaqin yangi atom reaktori qurilish bosqichida, 110 dan ziyod majmuani yaqin kelajakda barpo etish rejasi rasman tasdiqlangan. Mazkur loyihalarning salmoqli qismi Osiyo qit’asida amalga oshirilyapti.
Xalqaro tahlil qariyb 30 davlatda ilk bor atom energetikasini joriy etish imkoniyati ko‘rib chiqilyapti. Xususan, Bangladesh, Misr, Polsha va Turkiyada ilk AES qurila boshlangan. Demak, atom energetikasi global miqyosda qayta rivojlanmoqda.
Sohada kuzatilayotgan mislsiz tiklanish jarayoni kelgusi yillarda uran xom ashyosiga jahon miqyosida talab keskin oshishidan dalolat. WNA hisobotida 2024-yil atom reaktorlari uchun 67 000 tonna uran zarur bo‘lgani, bu ko‘rsatkich 2030-yil 28 foiz o‘sib, yiliga 86 000 tonnaga yaqinlashishi, 2040-yil esa 150 ming tonnadan oshishi taxmin qilinayotgani keltirilgan.
“Reuters” agentligi ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab atom energetikasi quvvati umumiy miqdori jadal o‘sishi kutilyapti. Masalan, 2025-yil o‘rtasida 398 GVt bo‘lgan ayni raqam 2030-yil 13, 2040-yil 87 foizga yetib, jami 746 GVt darajasiga yetkazilishi ekspertlar tomonidan bashorat qilingan.
Ta’kidlash joiz, so‘nggi yillarda qator davlatlar avvalroq ishlab chiqqan atom energetikasini cheklash yoki bosqichma-bosqich tugatishga qaratilgan siyosat qayta ko‘rib chiqilyapti. Ya’ni, yo‘nalishni nafaqat energetika tarmog‘ining strategik va ajralmas qismi sifatida saqlab qolish, balki atom energetika quvvatini kengaytirish choralari davlat miqyosida ko‘rilyapti. Mazkur tendensiya uran xom ashyosiga global talab uzoq muddatli va barqaror o‘sishini ta’minlovchi asosiy omillardan biri hisoblanadi.
Xalqaro miqyosda muvofiqlashtirilgan sa’y-harakat natijasida 2023-yil bo‘lib o‘tgan SOR28 xalqaro ekologiya konferensiyasi doirasida 31 davlat o‘z zimmasiga 2050-yilga qadar atom energetikasi quvvatini uch karra oshirish bo‘yicha rasmiy siyosiy majburiyat oldi.
Atom energetikasini uzoq muddatli va barqaror rivojlantirishga qaratilgan mazkur qaror uran xom ashyosiga talab izchil o‘sib borishi tendensiyasini shakllantirishi kutilmoqda.
Shu bilan birga dunyo uran bozorida taklif va talab muvozanati izdan chiqmoqda. WNA quyidagi ma’lumotni keltirgan: 2022-yil dunyo bo‘yicha konlardan qazib olingan uran 58 200 tonna U₃O₈ (49 300 tonna toza)ni tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkich atom elektr stansiyalarining yonilg‘iga nisbatan yillik ehtiyojining 74 foizini ta’minlagan. Qolgan talab muqaddam shakllangan, jumladan elektr energetikasi kompaniyalari strategik zaxirasi hisobidan qoplangan.
Keyingi yillarda bozor kon’yunkturasi nisbatan yaxshilanishi tufayli global miqyosda qazib olingan uran miqdori muayyan darajada tiklanishi kuzatildi. Xususan, 2022-2024-yillarda ayni ko‘rsatkich taxminan 22 foiz oshib, 60 200 tonnaga ko‘tarildi. Shunga qaramasdan, xalqaro tahlil amalda ishlayotgan uran konlarining salmoqli qismi 2030-yilga kelib resurs salohiyatini bosqichma-bosqich yo‘qotishini ko‘rsatmoqda.
WNA baholashicha, 2030-yildan so‘ng hozir faoliyat yuritayotgan konlar hisobiga qazib olinadigan uran qariyb ikki barobar qisqarishi mumkin. Mazkur holat o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda atom energetikasi ob’ektlarini uzluksiz yonilg‘i bilan ta’minlash borasida jiddiy xavf-xatar yuzaga keltiradi. Bunday tahdid yangi uran manbalarini izlash va o‘zlashtirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni kechiktirmasdan amalga oshirish zaruratini taqozo etadi.
Boshqacha aytganda, 2030-yildan keyingi o‘n yillikda atom energetikasi ob’ektlarini uzluksiz yonilg‘i bilan ta’minlash maqsadida yangi uran konlarini tezroq foydalanishga topshirish, muayyan sababga ko‘ra vaqtincha to‘xtab turgan qazib olish maydonlarini ishga tushirishga qaratilgan chora-tadbirlarni jadallashtirish lozim.
Xalqaro ekspertlar uran konlarini geologik razvedka qilishdan boshlab to‘liq sanoat ekspluatatsiyasiga yetkazishgacha bo‘lgan jarayon, odatda, 10-20 yil talab etishini ta’kidlab keladi. Demak, kelgusida yuzaga kelishi ehtimoli mavjud xom ashyo tanqisligining oldini olish maqsadida bugunoq yangi geologik-qidiruv ishlari va investitsiya loyihalarini tizimli ravishda, faol rivojlantirish kerak.
Uran bozoridagi hozirgi vaziyat narx o‘zgarishiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Ko‘p yil mobaynida nisbatan past darajada saqlangan uran narxi oxirgi ikki-uch yil keskin o‘sish tendensiyasini namoyon etmoqda. O‘tgan yil sentabr oyida “Spot” bozorida uran konsentrati (U₃O₈) bir funti uchun 82,63 dollar – so‘nggi o‘n yillikda qayd etilgan eng yuqori darajaga chiqdi.
Uran narxiga qator haqli omillar ta’sir ko‘rsatmoqda. Masalan, moliya bozoridagi ayrim investitsiya fondlari tabiiy uranni ulkan hajmda xarid qilmoqda. Jahon miqyosida eng yirik uran ishlab chiqaruvchi hisoblangan Qozog‘istonning “Qazatomprom” kompaniyasi 2026-yil uchun rejadagi ishlab chiqarish hajmini ixtiyoriy ravishda qisqartirdi. Shuningdek, Kanadada joylashgan “McArthur River” konida texnik sabab tufayli yuzaga kelgan kechikish natijasida ikkinchi yirik ishlab chiqaruvchi “Cameco” kompaniyasi ham yillik ishlab chiqarishni kamaytirdi.
Xorijiy ekspertlar xulosa qilishicha, dunyo bo‘ylab xom ashyoga talab ortishi barobarida barqaror ta’minotda uzoq muddatli global tanqislik yuzaga kelmoqda. Ayni payt “talab muntazam kuchayishi asnosida ishlab chiqarish lozim sur’atda o‘smasligi” bozorda narx uzoq muddat davomida yuqori darajada saqlanib qolishi ehtimolini oshiradi.
Geologik qidiruv faoliyatini kengaytirish hamda xorijiy sarmoya jalb etish bo‘yicha ustuvor vazifalar
Anchagina salmoqli bo‘lishiga qaramasdan, dunyo uran resursini iqtisodiyot ehtiyojiga vaqtida va barqaror safarbar etish oldindan rejalashtirilgan investitsiya va tizimli geologik izlanish talab etadi. OESD Atom energiyasi agentligi (OESD/NEA) va Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) tomonidan tayyorlangan so‘nggi “Ryed Book-2024” hisobotida ushbu masalaga alohida e’tibor qaratilgan. Ya’ni, global uran zaxirasi atom energetikasi taraqqiyoti ijobiy manzara kasb etgan sharoitda 2050-yilgacha hisoblangan ehtiyojni qondirish imkoniga egaligi, faqat bu holat vaqtida yangi geologik-qidiruv ishlarini boshlash, konlarni topish, ishga tushirish va qayta ishlash quvvatini rivojlantirishga qaratilgan sarmoya yo‘naltirilgan taqdirdagina ta’minlanishi mumkinligi ta’kidlangan.
Mazkur hujjatga ko‘ra, 2023-yil II choragida dunyo bo‘ylab aniqlangan va qazib olinishi iqtisodiy jihatdan maqbul deb topilgan uran zaxirasi 7 934 500 tonna. Ayni ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 0,5 foiz o‘sgan, biroq ikki yillik hisobot davrida yangi yirik uran konlari ochilishida sezilarli yangilik kuzatilmagan. Demak, oxirgi yillarda global miqyosda yirik geologik kashfiyot kam kuzatilgan.
Jahon bozorida uran narxi ko‘tarilishi hamda atom energetikasini rivojlantirish bo‘yicha muayyan davlatlar qabul qilayotgan keng ko‘lamli strategik rejalar yangi manbalarini izlash va o‘zlashtirishga qiziqishni keskin oshirmoqda. Binobarin, “Ryed Book” muallif-ekspertlari ham qo‘shimcha zaxira manzillarini kashf etish va sanoatga joriy etishga qaratilgan sa’y-harakatni kechiktirmasdan, hozirdanoq faol boshlash zarurligi to‘g‘risida qat’iy xulosa bergan.
Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda jahon uran bozorida barqaror, uzluksiz ta’minotga erishish, milliy manfaatni himoya qilish maqsadida geologik qidiruvni jadallashtirish va sohaga bugunning o‘zidayoq faol investitsiya kiritish hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Dunyo uran zaxirasining salmoqli qismi sanoqli mamlakatlar – Qozog‘iston, Kanada, Avstraliya, Rossiya, Namibiya kabi davlatlarda jamlangan. Shu bilan birga, tahlillar ayrim mintaqalar, xususan Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasidagi ulkan salohiyatga ega konlar hali yetarli darajada o‘rganilmaganini ko‘rsatadi.
WNA ma’lumotiga ko‘ra, yaqin vaqtgacha Afrika qit’asidagi amalda uran qazib chiqarilmagan bir qator mamlakatlar so‘nggi yillarda geologik qidiruv ishlari va uran konlari bilan bog‘liq loyihalarni faol ilgari surayotgani kuzatilmoqda. Bu holat ham yer yuzi bo‘ylab uran xom ashyo bazasini diversifikatsiya qilishga ehtiyoj oshib borayotganidan dalolat.
Jahon tajribasidan ma’lumki, yirik atom energetika dasturlariga ega davlatlar, jumladan Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi milliy kompaniyalari orqali xorijiy uran konlariga strategik sarmoya kiritish orqali uzoq muddatli yonilg‘i ta’minoti bazasini oldindan shakllantirishga intilmoqda.
Xullas, yuqorida keltirilgan tahliliy ma’lumotlar va bashoratlar bugungi kunda xorijdagi uran resurslariga sarmoya kiritish hamda geologik razvedka ishlarini kuchaytirish milliy energiya xavfsizligini ta’minlash, xususan “Navoiyuran” davlat korxonasining uzoq muddatli va barqaror daromad manbalarini shakllantirish omili ekanini ko‘rsatadi.
Xudoyor Meliyev, “Navoiyuran” DK
investitsiya bo‘yicha direktori