Emlash – insoniyatni 30 dan ortiq xavfli infeksiyalardan, og‘ir xastaliklardan himoya qiluvchi yagona ishonchli qalqon
Zamonaviy tibbiyot shiddat bilan rivojlanayotgan bo‘lsa-da, yuqumli kasalliklarning oldini olishda vaksinatsiyadan ko‘ra samaraliroq, xavfsizroq va iqtisodiy jihatdan maqbulroq vosita hali kashf etilgani yo‘q. Bugungi kunda emlash insoniyatni 30 dan ortiq xavfli infeksiyalardan, jumladan, sil, difteriya, qizamiq, gepatit va boshqa og‘ir xastaliklardan himoya qiluvchi yagona ishonchli qalqon hisoblanadi.
Vaksinalar inson tanasining tabiiy himoya tizimlari — immunitet bilan o‘zaro ta’sir qilish orqali kasalliklarni yuqtirish xavfini kamaytiradi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, emlash tadbirlari har yili dunyo bo‘ylab 2,5 million bolaning hayotini saqlab qolmoqda. Bu har soatda taxminan 285 nafar go‘dak vaksina sharofati bilan yashash imkoniga ega bo‘layotganini anglatadi. So‘nggi yarim asr ichida chaqaloqlar o‘limining 40 foizga kamayishi ham aynan global immunizatsiya dasturlarining natijasidir.

O‘zbekistonda bu boradagi ko‘rsatkichlar yildan-yilga takomillashib bormoqda. Agar 2000-yilgacha mamlakatimizda bolalar atigi 6 turdagi infeksiyaga qarshi emlangan bo‘lsa, bugungi kunda milliy emlash jadvaliga ko‘ra, bolalar 13 turdagi yuqumli kasallikka qarshi rejali ravishda vaksinatsiya qilinmoqda. Bular qatoriga gepatit V, sil, poliomiyelit, rotavirus, bo‘g‘ma, qoqshol, ko‘kyo‘tal, XIB-infeksiyasi, qizamiq, epidparotit, qizilcha, pnevmokokk va odam papilloma virusi (OPV) kiradi.
Tizimli chora-tadbirlar tufayli O‘zbekiston tibbiyot tarixida muhim yutuqlarga erishdi. 1996-yildan buyon yurtimizda yovvoyi polioviruslar keltirib chiqaradigan poliomiyelit kasalligi qayd etilmadi va 2002-yilda mamlakatimiz «Poliomiyelitdan xoli hudud»ga aylandi.
Shuningdek, 2024-yilda JSST Yevropa mintaqaviy byurosi tomonidan yurtimizda gepatit V kasalligi emlash natijasida eliminatsiya qilingani rasman tasdiqlandi.

Yuqumli kasalliklarga qarshi kurashishda nafaqat tibbiy muolajalar, balki aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, odamlarning tibbiy bilimini boyitish va emlashga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash o‘ta muhim sanaladi. Bu jarayonda ommaviy axborot vositalari vakillarining o‘rni beqiyos. Shu munosabat bilan, Yevropa immunizatsiya haftaligi doirasida jurnalistlar uchun «Vaksinatsiya samaradorligi: afsonalarni inkor etish yo‘lida» mavzusida muhim ishchi uchrashuv va seminar tashkil etildi. Tadbirda Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi hamda JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mutaxassislari ishtirok etdi. Seminar davomida OAV xodimlariga vaksinalarning xavfsizligi, qizamiq bo‘yicha keng tarqalgan afsonalarni ilmiy asosda inkor etish va qarorlar qabul qilish jarayonining jamiyat salomatligiga ta’siri bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi. Jurnalistlar kichik guruhlarda ishlab, amaliy mashg‘ulotlar orqali o‘z ko‘nikmalarini oshirdi.
Joriy yilning 20–25-aprel kunlari «Vaksinalar har bir avlod uchun natija bermoqda» shiori ostida o‘tkazilayotgan Yevropa emlash haftaligi davomida butun mamlakat bo‘ylab tibbiyot muassasalarida «tozalovchi» emlash ishlari tashkil etilib, turli sabablarga ko‘ra vaksina olmay qolgan fuqarolar qamrab olinmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, aholining 90-95 foizi emlangandagina jamiyatda jamoaviy immunitet shakllanadi. Bu esa kasallik zanjirini uzib, millat salomatligini ta’minlaydi. Yurtimizda vaksinalar sifati xalqaro standartlar asosida nazorat qilinadi va barcha emlash jarayonlari bepul amalga oshiriladi.
Farzanlarimizni emlatish orqali nafaqat ularning, balki kelajak avlod salomatligini himoya qilgan bo‘lamiz.
Mohigul Qosimova, O‘zA