Dunyo taekvondochilarining e’tibori yana Toshkentga qaratilmoqda
Joriy yilning 12–17-aprel kunlari poytaxtimiz Toshkentda taekvondo WT bo‘yicha yoshlar o‘rtasida XV Jahon chempionati bo‘lib o‘tadi.
Chempionatda ishtirok etish uchun 118 ta davlatning 990 nafar sportchisi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2024-yil Janubiy Koreyada o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionati rekordidan oshganini ko‘rsatmoqda
Dunyoning eng mahoratli yosh taekvondochilari qatnashadigan chempionat bellashuvlari qizlar va o‘g‘il bolalar o‘rtasida 10 tadan vazn toifasida tashkil etiladi.
Musobaqalar poytaxtimizdagi "Olimpiya shaharchasi"da joylashgan Yakkakurash sport majmuasida o‘tkaziladi.
Kuni kecha Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti, janob Chungvon Choy O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi rahbari Sherzod Toshmatov bilan muloqot chog‘ida tayyorgarlik ishlariga yuqori baho berib, yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionati iqtidorli sportchilarni aniqlash va rivojlantirish uchun muhim platforma ekanini, chempionat 2026-yil noyabr oyida Dakar shahrida o‘tkaziladigan yoshlar o‘rtasidagi yozgi Olimpiya o‘yinlariga saralashning muhim bosqichi ekanini bildirib o‘tdi.
Aytish lozim, 2019-yilgi yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionati aynan Toshkentda o‘tkazilgan edi.
Chempionat dasturiga binoan 10-aprel kuni Toshkentda taekvondo WT fleshmob tadbiri hamda “World Taekwondo Performance” jamoasi ishtirokida bayram shousi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 10-aprel kuni Toshkentda Butunjahon taekvondo federatsiyasi kengashi yig‘ilishi, musobaqa starti avvalidan rasmiy matbuot anjumani, 11-aprel kuni esa Bosh assambleya yig‘ilishi tashkil etilishi belgilangan.
Jahon taekvondo ishqibozlari e’tiborini o‘ziga qaratadigan Toshkent musobaqalari doirasida O‘zbekiston 2-Olimpizm va tinchlik forumi tadbirlariga mezbonlik qiladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA