Denovda gilos pishdi
Surxondaryo viloyati Denov tumanidagi “Denov bog‘i baraka” fermer xo‘jaligida parvarishlanayotgan gilos pishib, yetildi.
Tajribali fermer 1,5 gektar maydonda innovatsion issiqxona barpo etib, uning bir qismida “Real Tyaga” navli erta pishar gilos daraxtini parvarishlamoqda.

Mutaxassislarning aytishicha, bu navli gilosning agrotexnik ko‘rsatkichlari yuqori samaradorlikka ega. Daraxtlar bo‘yi 2-2,5 metrga yetib har tupidan besh kilogrammgacha hosil beradi.
Issiqxonaning 50 sotixida yuzdan ortiq turdagi anvoyi gul, 50 sotixida bodring yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Fermer bu yil bodringning o‘zidan 60 tonna atrofida hosil olishni mo‘ljallamoqda.

Bu yerga o‘rnatilgan zamonaviy ventilyatsiya va havo aylanish tizimi issiqxonani barqaror mikroiqlim bilan ta’minlayotgani hosildorlikni oshirib, jahon bozorida raqobatbardosh sifatli mahsulot yetishtirishga xizmat qilayotir.
Ayni paytda fermer erta bahorda pishib yetilgan gilos hosilining bir qismini mahalliy bozorga chiqarishni, bir qismini xorijga eksport qilishga hozirlik ko‘rmoqda.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri