Hushyorlik — omonlik garovi: favqulodda vaziyatlarga shaylik sinovi
Inson hayoti va uning xavfsizligini ta’minlash har qanday jamiyat va davlatning eng ustuvor vazifasidir. Ayniqsa, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yirik sanoat ob’ektlarida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash doimiy hushyorlikni talab etadi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish tizimining samaradorligi nafaqat zamonaviy texnikaga, balki eng avvalo, inson omiliga, mutaxassislarning bilim va tezkor harakatiga bog‘liqdir. Biz har qanday xavf-xatarning oldini olishga, har qanday vaziyatga shay turishimiz kerak”. Ana shu strategik maqsad ijrosi sifatida Sirdaryo viloyatida “Fuqaro muhofazasi oyligi” doirasida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan maxsus-taktik o‘quv mashqlari xavfsizlik madaniyatini yuksaltirishda muhim qadam bo‘ldi.


“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi korxonalarda o‘tkazilgan mazkur amaliy mashg‘ulotlar davomida xodimlarning shartli favqulodda vaziyatlardagi tezkor harakatlari sinovdan o‘tkazildi. Stansiyaning yoqilg‘i-transport sexida yuz bergan shartli yong‘in holatida xodimlar yong‘inni dastlabki vositalar bilan bartaraf etish, xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish va keskin vaziyatda to‘g‘ri qaror qabul qilish bo‘yicha o‘z mahoratini namoyish etdi. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutaxassislarining bevosita ko‘magida o‘tgan ushbu jarayon jamoaviy jipslik va kasbiy mas’uliyatni mustahkamlashga xizmat qildi.


Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Axborot xizmati boshlig‘i Davron Sulaymonovning e’tirof etishicha, bu kabi mashqlar xodimlarning nafaqat amaliy tayyorgarligini kuchaytiradi, balki korxona faoliyatida xavfsizlik madaniyatini yangi bosqichga olib chiqadi. Mashg‘ulotlar davomida xodimlar favqulodda vaziyatlarda vahimaga berilmay, aniq va samarali harakat qilish ko‘nikmasini o‘zlashtirdi. Bu esa nafaqat ob’ektning mustahkam himoyasini, balki ishlab chiqarish uzluksizligini ta’minlashda ham muhim omildir. Ushbu tadbirlar aholi va korxonalarning favqulodda vaziyatlarga tayyorlik darajasini oshirib, viloyat miqyosidagi xavfsizlik tizimini yanada mustahkamlaydi.
Sirdaryodagi maxsus-taktik mashqlar har bir soniyaning inson hayoti uchun naqadar qadrli ekanini yana bir bor isbotladi. Professional mas’uliyat va doimiy tayyorgarlik — tinch va xavfsiz hayot kafolatidir. Bugungi amaliy mashg‘ulotlar ham aynan mana shu ulug‘vor maqsad sari tashlangan muhim qadam bo‘lib, Sirdaryoning xavfsiz kelajagiga xizmat qiladi.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri